«Uzbekistan Airways» AJda halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
2026-yil 18-avgust kuni «Uzbekistan Airways» AJning filiali binosida kompaniya kassirlari uchun xizmatdagi halollik, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik va aviachiptalarni sotish jarayonida xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga aviachiptalarni rasmiylashtirish va sotish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asosiy korrupsiyaviy xavflar, shuningdek, yo‘lovchilar bilan ishlashda shaffoflik, xolislik va halollik tamoyillariga rioya qilish talablari tushuntirildi.
Alohida e’tibor xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga, ayrim mijozlarga asossiz imtiyozlar berishga, chiptalarni rasmiylashtirish jarayonida ma’lumotlarni ataylab o‘zgartirishga hamda manfaatlar to‘qnashuvi yoki belgilangan tartib-taomillarning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga qaratildi.

Seminar yakunida jamoada halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik madaniyatini shakllantirish, shuningdek, har bir xodimning antikorrupsiyaviy talablarga rioya etish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Bunday o‘quv tadbirlarini muntazam tashkil etish «Uzbekistan Airways» AJda antikorrupsiyaviy madaniyatni mustahkamlash, xodimlarning xabardorligini oshirish va kompaniyaning biznes jarayonlarida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
