“Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchi tashuvlarini sotish bo‘yicha agentlarni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida aviatashuvlarni sotish bo‘yicha agentlik kelishuvini tuzish masalasi ko‘rib chiqilishi uchun o‘z faoliyatini ushbu mamlakatning talablari asosida yuritadigan, ko‘rsatiladigan faoliyat turi uchun maxsus yoki belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan rasmiy hujjatlarga/ruxsatnomaga ega bo‘lgan hamda turizm va/yoki aviatsiya tashuvlarini sotish sohasidagi faoliyatini o‘zining ustav hujjatlarida nazarga olgan yuridik shaxslar - yo‘lovchi tashuvlarini sotish bo‘yicha agent hisoblanishlari mumkin.
Talabgor shaxs oʻzi faoliyat yuritayotgan mamlakat qoidalarida belgilangan, yoʻlovchi aviatashuvlarini sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi barcha litsenziyalar va boshqa hujjatlarga ega boʻlishi kerak.
Agentlik kelishuvini tuzish uchun Talabgor shaxs o‘zining moliyaviy faoliyati davlat tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirilganligi va barqarorligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishi kerak. Aviakompaniya tegishli kafolatlarni olish maqsadida, ko‘rib chiqilishi uchun Talabgordan Agent faoliyat yuritayotgan mamlakat talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan moliyaviy natijalar (daromadlar, xarajatlar, o‘tgan davr foydasi) to‘g‘risidagi hisobotlarni, pul mablag‘larining oqimi to‘g‘risidagi hisobotni va buxgalteriya balansini talab qilishi mumkin. Aviakompaniya Agent faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shuningdek, agentlik shartnomasini tuzish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborilishiga qadar qo‘shimcha ravishda Agent faoliyati toʻgʻrisidagi auditorlik hisobotlarini ham talab qilishi mumkin. Zarur boʻlganda, aviakompaniyaning obro‘- e’tibori va nufuziga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida, amaldagi qonunchilik talablari doirasida Aviakompaniya Talabgordan qo‘shimcha ma’lumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi Talabgor bilan agentlik kelishuvi tuzilishiga qadar, aviakompaniya Talabgorning ofis binolari (xonalari) aviakompaniyaning aviatashuvlar sotiladigan ofis binolariga (xonalariga) qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini tekshirishni tashkil qilishi, talabgorning ofisi joylashgan joyiga tashrif buyurgan holda binolarni ko‘rikdan o‘tkazishi va standart nazorat ko‘rik varag‘ini rasmiylashtirishi mumkin.
Agentlik kelishuvini imzolash to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan holatlarda, aviakompaniyaning vakolatli shaxslari tomonidan kamida olti oy davom etadigan sinov muddatiga “Uzbekistan airways” AJ yo‘lovchi tashuvlarini sotish to‘g‘risidagi tegishli Agentlik kelishuvi imzolanadi.
Agar agentlik kelishuvining sinov muddati natijalariga ko‘ra “Uzbekistan airways” AJ agent bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qabul qilmagan bo‘lsa, u holda agentlik kelishuvida belgilangan talablarga muvofiq, ushbu kelishuv “Uzbekistan airways” AJ tomonidan bir tomonlama tartibda, o‘zaro hisob-kitoblarning barcha shartlari bajarilgan holda bekor qilinadi. Talabgorga agentlik kelishuvini muddatidan oldin bekor qilish sabablari tushuntirilgan holda, kelgusida agent sifatida u bilan hamkorlik qilish rad etilgani to‘g‘risida xabar beriladi.
Hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan holda, agent bilan belgilangan amal qilish muddatiga agentlik kelishuvi imzolanadi.