Ahmad al-Farg‘oniy (797 - 865)
Olimning to‘liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniydir. Manbalarda uning farg‘onalik ekanligidan tashqari deyarli boshqa ma’lumotlar saqlanmagan.
Al-Farg‘oniyning hayoti haqidagi eng so‘nggi va eng aniq xabar 861-yil bilan bog‘lanadi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u shu yili Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, ya’ni Nil daryosi suv sathini belgilovchi uskunani yasagan. Al-Farg‘oniy hayotining muddati haqida ham qiyoslar qilish mumkin. Agar uning hayotini al-Xorazmiyning hayoti bilan qiyos qilsak, quyidagi hulosaga kelamiz. Ma’lumki, al-Xorazmiyning nomi yozma manbalarda oxirgi marta 847 -ili xalifa al-Vosiqning o‘limi munosabati bilan eslatiladi va shundan so‘ng uchramaydi. Shunga ko‘ra uning o‘lgan yili deb 850-yil qabul qilingan. Al-Farg‘oniyning nomi oxirgi marta 861 yili Nilning sathini o‘lchagich uskunasini ta’mirlash munosabati bilan eslatiladi. Al-Farg‘oniyning hayoti haqidagi ma’lumotlar juda kam bo‘lganligiga qaramay, o‘rta asrlarda Sharqda uning nomi mashhur bo‘lgan. Ibn an-Nadim (X asr), Ibn al-Qiftiy (XII-XII asrlar), Abul Faraj Bar Ebrey (XIII asr), Hoji Xalifa (XVII asr) kabi Sharq fihristchilari uni o‘z asarlarida eslatadilar.
"Bayt ul-hikma"da taxminan 840-yilga qadar tadqiqotlar olib borgan Ahmad Farg‘oniy keyinchalik Damashq va Qoxirada chuqur ilmiy va amaliy ishlarni davom ettirib, samarali ijodi bilan katta shuhrat qozondi. O‘shandan buyon butun dunyoda uning asarlariga bo‘lgan qiziqish davom etib kelmoqda. XII asrdayoq ispan olimlari kremonlik Gerardo, sevilyalik Ioann uning «Yulduzlar ilmi usuli kitob»i asarini arabchadan lotin tiliga tarjima qildilar. Al-Farg‘oniy tarjimonlar tomonidan unga berilgan «Alfraganus» nomi bilan dunyoga tanildi. Uning lotin va boshqa g‘arb tillariga tarjima qilingan mazkur asari _G‘arbiy Yevropada to‘rt yuz yil davomida falakiyot ilmidan asosiy qo‘llanma bo‘lib keldi. Xristafor Kolumb 1492- yilda "Santa Mariya" nomli kema yetakchiligida uchta kema bilan dunyo okeanlari osha qilgan sayohati davomida al-Farg‘oniyning dunyo xaritasidan keng foydalanganligini alohida e’tirof etgan. XVI asrga kelib G‘arbiy Yevropa astronomlari uyushmasi Oydagi kraterlarning biriga "Alfraganus" nomini berishga qaror qilgan. O‘sha davrlarda musulmon mamlakatlarining olimlari, xususan, Ahmad al-Farg‘oniy astronomiyani turlicha nomlaganlar: "Ilm al-hay’a" (Shakl haqidagi fan"), "Ilm al-Falak" ("Osmon sferasi haqidagi fan"), "Ilm al-nujum" ("Yulduzlar ilmi") . Oxirgi ikki atama bir paytning o‘zida ham astronomiyani, ham munajjimlikni ifodalagan.
O‘rta asrlardagi musulmon mamlakatlari astronomlarininig, jumladan, ulug‘ vatandoshimiz al-Farg‘oniyning fanga qo‘shgan muhim hissasi shundan iboratki, yillar, asrlar o‘tishi bilan sayyoramiz o‘lchamlari, shaharlarning jug‘rofiy koordinatalari osmon ekvatori va ekliptika orasidagi burchakni, Quyosh, Oyning aylanish davrlari, ularning tutilishini, Quyosh, Oy va sayyoralar harakatlarini tavsiflashga doir hisoblashlarga tobora ko‘proq aniqliklar kiritdilar. Ularning yuksak zakovati bilan bu harakatlarning handasaviy (geometrik) modeli takomilashtirildi, qo‘zg‘almas yulduzlar o‘lchamlari, ularning ekliptik koordinatalarini hisoblashga doir bir qator muammolar hal etildi, o‘nlab kashfiyotlar qilindi. Bundan tashqari, Sharqda munajjimlikka oid bashoratlarda ekliptika va gorizontning kesishuv nuqtasidan kelib chiqib, odam tug‘ilishini va biron hodisaning vaqtini aytib berganlar.
Abbosiy hukmdor Ma’mun davrida ikkita rasadxona faoliyat olib borardi, biri Bag‘dodning Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tepaligida edi. Bu rasadxonalarning har birida olimlarning ikkita doimiy guruhlari ishlar edi. Bag‘dod rasadxonasining ishida Yahyo ibn Abu Mansur, Xorazmiy va boshqa olimlar, Damashq rasadxonasida esa Xolid ibn Abdumalik va Farg‘oniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar. Ahmad Farg‘oniy Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832–833-yillar Tadmur va ar-Raqqa oralig‘ida yer meridiani bir darajasining uzunligini o‘lchashda ishtirok etgan.
Farg‘oniyning asosiy astronomik asari “Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum”(“Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”) XII asrda Yevropada lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Yevropa tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi “Alfraganus” shaklida G‘arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o‘tadi.
Farg‘oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yilda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius Farg‘oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, Farg‘oniy va uning asarining Yevropadagi shuhrati yanada ortdi. Yevropa Uyg‘onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan mashhur olim Regiomontan XV-asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma’ruzalarni Farg‘oniy kitoblaridan o‘qigan.
Hozirgi kunda Farg‘oniyning sakkiz asari ma’lum bo‘lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador. Ular quyidagilardir: yuqorida zikr etilgan asar, odatda, uni “Astronomiya asoslari haqida kitob” nomi bilan ham atashadi – qo‘lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. “Asturlob yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, “Asturlob bilan amal qilish xaqida kitob” – birgina qo‘lyozmasi Rampurda (Hindiston), “Farg‘oniy jadvallari” – qo‘lyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola” – qo‘lyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida” – qo‘lyozmalari Gotada va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” – qo‘lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi.
Shunday qilib, buyuk ajdodimizning bu asari Yevropa Uyg‘onish davridagi va undan ancha keyingi davrdagi madaniyat rivojida sezilarli rol o‘ynadi. Farg‘oniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va G‘arbda mashhurdir. O‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida manbalarda, so‘nggi G‘arb va Sharq mualliflari asarlarida g‘urur va iftixor bilan tilga olinadi va o‘rganiladi.
O‘z davridagi aniq fanlarning deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib borib, yuzga yaqin asar yaratgan al-Farg‘oniyning faqat sakkizta asari bizgacha yetib kelganligi ma’lum. Al-Farg‘oniyning buyuk xizmatlaridan biri shundaki, u o‘zining "Yulduzlar ilmi usuli kitobi" asarida I-asrda yashab o‘tgan mashhur Klavdiy Ptolemeyning falakiyot sohasida asosiy qomus hisoblangan "Almagast" asaridagi talay xatolarni aniqlab, to‘g‘rilab berdi. Ushbu asar yana yetti nomda shuhrat qozongan. "Osmon jismlari harakati va yulduzlar ilmi to‘plami", "O‘ttiz fasldan iborat falakiyot kitobi", "Almagest" muqaddimasi uchun o‘ttizta fasl", "Osmon sferalari sabablari", "Osmon sferalarining tuzilishi", "Almagest" ("Almajistiy"), "Astronomiya fani" nomlari bilan atalib, hozirda uning qo‘lyozmalari Bag‘dod (2959 oltinchi nomda), Dublin (Bitti, 4114), Qoxira (Mikat, 944, 194, 310, 311), Leyden (8418/5), Sankt-Peterburg (3059/3), Moskva (154/2), Oksford ( 1, 879/1- ikkinchi nomda), Parij (2504/3- uchinchi va to‘rtinchi nomda), Prinston (Garr, 967 - yettinchi nomda), Istanbul (Aya Sofiya, 2843/2 - to‘rtinchi nomda), Tunis (Millat kutubxonasi, 02103/1 - ikkinchi nomda), Fes (Zaviy, 56- sakkizinchi nomda) kabi bir qator davlat va shahar kutubxonalarida saqlanmoqda.