В целях улучшения предоставляемых услуг мы используем cookies на сайте. Оставаясь на сайте, вы принимаете условия политики конфидециальности и использования персональных данных.

Размер шрифта

Enable a screen reader

Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy (1850-1903)

Поделиться в социальных сетях

MuqimiyMuqimiy (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li) (1850 — Qo‘qon — 1903.25.5) — shoir va mutafakkir. O‘zbek demokratik adabiyoti asoschilaridan. Otasi toshkentlik, onasi xo‘jandlik bo‘lib, Qo‘qonda yashaganlar. Muqimiy boshlang‘ich ma’lumotni mahallasidagi maktabda olgan. Onasi Oyshabibi Muhammad Aminxo‘jada she’riyatga havas uyg‘otgan.

Shoir  dunyoqarashi va intilishlari bilan muhit o‘rtasidagi ziddiyat uning ijodida tanqidiy yo‘nalishni maydonga keltirgan. Bu uning hajviyotida ko‘proq aks etgan. U 30 ga yaqin hajviy asarlar yaratgan: «Tanobchilar», «Saylov», «Dar mazammati zamona», «Hajvi halifai Mingtepa», «Devonamen»,  «Ko‘samen», «Hayron qildi loy», «Pashshalar», «Shikoyati bezak», «Ta’rifi pech», «Aroba qursin», «Loy».

Muqimiy o‘zbek adabiyotiga ishchilar mavzuini olib kirdi, tiplar galereyasini yaratdi («Maskovchi boy ta’rifida», «Voqeai Viktor» va b.). Turli shahar va qishloqlarga qilgan sayohatlari taassurotlari asosida 4 qismli «Sayohatnoma» asarini yozdi. Asar yengil, o‘ynoqi vaznda yozilgan, 4 misrali bandlardan tashkil topgan.

Mutafakkirning  ijodini o‘rganish, asarlarini to‘plash va nashr ettirish u hayot davridayoq boshlangan. Dastlab Ostroumov «Devoni Muqimiy» to‘plamini (T., 1907) nashr qilgan, so‘ng 1910, 1912-yillarda «Devoni Muqimiy maa hajviyot» nomi bilan asarlari to‘plami bosilgan. Keyingi davrlarda G‘.G‘ulom, Oybek, H. Zarifov, H. Yoqubov, H. Razzoqov, G‘. Karimov, A. Hayitmetov va boshqalar Muqimiy ijodini tadqiq etganlar. She’rlaridan namunalar chet tillarga tarjima qilingan. Qo‘qonda uy-muzeyi tashkil etilgan. Farg‘ona viloyatidagi shaharcha, Toshkent ko‘chalaridan biri, O‘zbek davlat musiqali drama teatri Muqimiy nomi bilan ataladi. Shoir haqida Sobir Abdulla «Mavlono Muqimiy» romani va «Muqimiy» dramasini yaratgan. Muqimiyning aksariyat g‘azallari ashulaga aylangan.

 

EY, YoRI JONIM

Oshiq bo‘libman, ey yori jonim,
Vaslingni izlab, yo‘qdur majolim.

Bir yo‘qlamaysan kuygan qulingni,
Ko‘zlari jallod, nozik niholim.

Rahm ayla manga, ey bag‘ri qattiq,
Diydam to‘la qon, ey sho‘xi zolim.

Lab tashnalarga ayla nazora,
Qaddi chu shamshod qoshi hilolim.

Olding ko‘ngulni bir-ikki so‘zlab,
Devona bo‘ldim, to‘ti maqolim.

Har dam kuyarman, yodimga tushsang,
Bir ko‘rmaguncha yo‘qdur majolim.

Necha zamondur, ko‘zdin nihondur,
Oshiq Muqimiy, ey xasta holim.