Xotira bor ekan – millat barhayot
9-May - Xotira va qadrlash kuni
Xotira bor ekan – millat barhayot
Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi. 9-mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941—1945-yillarda Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi. O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ortig‘i halok bo‘ldi, 133 mingga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytdi.
Ular orasida og‘ir sinovlarni boshidan kechirgan ko‘plab aviatorlar ham bor. Urush boshlangunga qadar respublikamiz hududida 5 ta fuqaro aviatsiyasi bo‘linmasi joylashgan edi. U yerda xizmat qilayotgan uchuvchilar, texniklar, shturmanlar va boshqa aviatsiya mutaxassislari jangovar armiyaga jalb qilindi. Urushning dastlabki kunlaridanoq O‘zbekistondan frontga aviatorlarning birinchi guruhi 15 ta samolyotda uchib ketdi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Bugun biz jang maydonlarida halok bo‘lgan va tinchlik davrida vafot etgan aviatorlar - A. Taymetov, G. Aripov, I. Pazilov, I. Popelnitskiy, V. Galyshev, T. Xodjayev, B. Sultonov, V. Dronov, V. Bedrin, A. Lushnikov, I. Sidorenko, I. Grebennikov, Yu.Xilkov, A. Gazinazarov, M. Aripov, A. Kaloshin, N. Kuznetsova, A. Nazrullayev, Ya. Melnikov, K. Motigin, G. Studenkin, Yu. Gorchakov, A. Xarrazov, K. Muminov, V. Romankin, C. Madreymov, Ya. Melnikov, Ye. Zadorojniy, V.Timurov, J. Bekniyazov, A. Golendar, K. Timurov, I. Kravtsov, M. Xodjayeva, A. Stepanov, Z. Rasulov, V. Benyaminovich, S. Baxtiyarov va boshqalar xotirasiga hurmat bajo keltiramiz hamda hozirgi kunda bardam yashayotgan muhtaram va aziz faxriylarimizniga tinch va musaffo osmonimiz uchun minnatdorlik bildiramiz.
Xotira va qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Xalqimizda “Qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydilar, nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.
Tariximizning eng dahshatli davrlari to‘g‘risida xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga ko‘proq ilmiy asoslangan ma’lumotlar berish orqali bugungi ozod va obod Vatanni qadrlash, shukrona qilish hamda zamonaviy ilm-fanni chuqur egallab, xalqaro maydonda O‘zbekistonimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirishdan iborat ekanligini hech qachon unutmasligimiz darkor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir. Muxtasar qilib aytganda, ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir.