Xislat (1880-1945)
Xislat (taxallusi; asl ism-sharifi Haybatullaxo‘ja Orifxo‘ja o‘g‘li) 1880-yilda Toshkentda tavallud topgan. Shoir va tarjimon. O‘zbek mumtoz adabiyotining so‘nggi namoyandalaridan biri. 16—17 yoshlarida Toshkent shahri Kesakqo‘rg‘on mahallasidagi madrasaga o‘qishga kirib, arab va fors tillarini mukammal o‘zlashtirgan, o‘zbek, ozarbayjon, turk, fors va arab adabiyotlarini puxta o‘rgangan.
1908-1909-yillarda Navoiy ijodini mutolaa qilib, «Farhod va Shirin» hamda «Layli va Majnun» dostonlarining soddalashtirilgan nasriy nusxalarini tayyorlagan va o‘z hisobidan nashr etgan. 1910-1914-yillarda madrasadoshi Sidqiy Xondayliqiy bilan hamkorlikda «Armug‘oni Xislat», «Hidoyai Xislat», «Savg‘oti Xislat», «Tuhfai Xislat» kabi bayozlarini nashr ettirgan. Bu bayozlarda shoirning 100 dan ziyod lirik she’rlari e’lon qilingan.
Xislatning lirik she’rlarida Bobur, Mashrab va, ayniqsa, Navoiy ijodining ta’siri kuchli. Bu ta’sir uning «Naylaram bog‘u chaman sayrini jonon bo‘lmasa», «Qandoq qilay», «Ey nigorim», «Iqlimi devona qilgan bir pari savdosidur», «O‘ldim asiring, ey yor», «Ey xublar sarosi», «Orazingmu yo guli ra’nomidur», «Ey parivash» singari g‘azallarining badiiy qurilmasida ham, g‘oyaviy yo‘nalishida ham yaqqol ko‘rinadi. Xislatning dunyoviy g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan bir qancha g‘azallari Mulla To‘ychi Toshmuhamedov va Hamroqul qori kabi mashhur hofizlar tomonidan ijro etib kelingan.
Xislatning adabiy merosida tarjima asarlar katta o‘rin egallaydi. U Nizomiyning «Layli va Majnun» dostoni, Firdavsiyning «Shohnoma» dostoni asosida nasrlashtirilgan «Barzuyi sher», «Pahlavoni Ahmad», Ubayd Zokoniyning «Mushuk va sichqon» asarlarini fors tilidan tarjima qilgan, arab va fors mumtoz adabiyotlaridagi bolalarbop rivoyatlar va masallarni she’riy tarjima qilib, «Non va halvo» degan majmua tuzgan.
Toshkent shahridagi ko‘chalardan biri Xislat nomi bilan ataladi.