«Uzbekistan Airways» AJda xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
2026-yil 3-iyun kuni «Uzbekistan Airways» AJ Direksiyasining majlislar zalida kompaniyaning korporativ xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan «“Uzbekistan Airways” AJ biznes jarayonlarida xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat» mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda aviakompaniyaning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Ernst & Young kompaniyasi ekspertlari ishtirok etdi.
Seminar davomida COSO xalqaro modeli asosida samarali ichki nazorat tizimini yaratish va rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari taqdim etildi. Ishtirokchilar ichki nazorat tizimining asosiy tarkibiy qismlari, jumladan, nazorat muhiti, xavf-xatarlarni aniqlash va baholash jarayonlari, nazorat tadbirlari, axborot almashinuvi va kommunikatsiyalar hamda nazorat mexanizmlarining samaradorligini monitoring qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat jarayonlarini «Uzbekistan Airways» AJning kundalik faoliyatiga integratsiya qilish, shuningdek, ularning jamiyatning strategik, operatsion, moliyaviy va komplayens maqsadlariga erishishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Seminar doirasida biznes-jarayon egalari, xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat bo‘linmalari, Ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati, Komplayens nazorat xizmati hamda Ichki audit xizmati o‘rtasidagi vazifalar va mas’uliyatni taqsimlashni nazarda tutuvchi «uch himoya chizig‘i» modeli batafsil muhokama qilindi.
Ishtirokchilar nazorat tartib-taomillarini ishlab chiqish va hujjatlashtirish masalalarini, jumladan, nazorat maqsadlari, nazorat egalarini belgilash, ularni amalga oshirish davriyligi, foydalaniladigan axborot manbalari va tasdiqlovchi hujjatlarni aniqlash bo‘yicha yondashuvlarni muhokama qildilar.

Seminarning amaliy qismi aviakompaniyaning eng yuqori xavf-xatarli biznes-jarayonlaridan biri bo‘lgan xaridlar jarayonini tahlil qilishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar xaridlarning turli bosqichlaridagi asosiy xavf-xatarlarni aniqlab, xaridlar qiymatini sun’iy oshirish, ishonchsiz yetkazib beruvchilarni tanlash, kelishish tartib-taomillarini buzish hamda kompaniya resurslaridan samarasiz foydalanishning oldini olishga qaratilgan nazorat chora-tadbirlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, seminar ishtirokchilariga «Uzbekistan Airways» AJda xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimini takomillashtirish doirasida ishlab chiqilgan ichki me’yoriy va metodologik hujjatlar, jumladan, xavf-xatarlarni boshqarish siyosati, xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlarining o‘zaro hamkorligi siyosati, xavf-xatarlarni aniqlash va baholash metodikasi, Ichki nazorat metodologiyasi, shuningdek, xavf-xatarlar reyestri, xavf-xatarva nazorat matritsalari, aniqlangan kamchiliklar jurnali hamda tuzatish chora-tadbirlari rejasi namunalari taqdim etildi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar blok-sxemalar, jarayon tavsiflari va xavf-xatar hamda nazorat matritsalari yordamida biznes-jarayonlarni hujjatlashtirish yondashuvlari, shuningdek, xavf-xatarlarni aniqlash, jarayonlarni hujjatlashtirish, nazorat tartib-taomillarini sinovdan o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va keyingi monitoringni o‘z ichiga olgan ichki nazorat tizimi samaradorligini baholash sikli bilan tanishdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar xavf-xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimini yanada rivojlantirish korporativ boshqaruvning muhim elementi ekanligini, u faoliyatning shaffofligini oshirish, biznes-jarayonlar samaradorligini yuksaltirish, xavf-xatarlarni o‘z vaqtida aniqlash va kamaytirish, shuningdek, «Uzbekistan Airways» AJning strategik maqsadlariga erishish va barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.