Sadriddin Ayniy (1878-1954)
XX asr o‘zbek va tojik adabiyotlariga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Ayniy Buxoro amirligiga qarashli G‘ijduvon tumanining Soktare qishlog‘ida 1878-yilning 15-aprelida dunyoga kelgan. Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan. Sadriddin 1890-yilda Buxoroga kelib, Mir Arab, Badalbek, Olimxon madrasalarida ta’lim olgan.
Madrasani tugatgach, yangi usul maktablarida muallimlik qilgan. Sadriddin Ayniyning adabiy faoliyati she’r yozish bilan boshlangan. Uning birinchi asari «Guli surx» — «Qizil gul» 1897-yili yaratilgan. Shundan so‘ng maktablar uchun «Tahsib us-siyobon» — «Bolalar tarbiyasi» nomli o‘qish kitobini (1909) tuzib, nashr ettirgan.
1917-yil fevral inqilobidan keyin Markaziy Osiyoning turli shaharlarida istiqlol uchun kurash harakatlari boshlanib ketdi. Ayniy amirlikka qarshi kurashgani uchun zindonga tashlandi. U Oktyabr to‘ntarishi yillarida o‘zbek va tojik tillarida da’vatkor she’rlar, marshlar yaratib, ularni «Inqilob uchqunlari» (1923) to‘plamida nashr etdi.
Yozuvchi «Buxoro jallodlari» (1922) qissasida amir-amaldorlarning dahshatli jabr-zulmini, gunohsiz kishilarni o‘rta asr qiynoqlari bilan qatl etishlarini, «Odina» (1927) qissasida esa mehnatkash xalqning og‘ir qismati va fojeali hayotini jonli tasvirlab berdi.
Ayniyning dastlabki «Qullar» romani 1934-yilda Toshkentda o‘zbek tilida, 1935-yilda esa Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi.
«Qullar» romanining bosh qahramoni tarixni harakatga keltiruvchi kuch — xalq va uning sodiq farzandlaridir, degan xulosaga yetaklaydi.
Tarixning ma’lum bir davrini qamrab olgan bu roman xalq tarixini, uning hayoti va kurashini realistik aks ettirgan. Biroq «Qullar» romanining so‘nggi, beshinchi qismidagi jamoa xo‘jaligi qurilishi yillari tasvirida jindak tarixdan chetga chekinish ham yo‘q emas. Chunki romanda davrning ijobiy tomonlari bo‘rttirib ko‘rsatilgani holda Sho‘ro hukumatining jamoalashtirish siyosati xaspo‘shlab o‘tilgan.
Adibning «Sudxo‘rning o‘limi» (1937) qissasidagi bosh qahramon Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin yoki Gobsek kabi mumtoz obrazlar bilan bir qatorda turadi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Ayniy «Marshi intiqom», «Muqanna qo‘zg‘oloni», «Temur Malik» kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy va badiiy asarlarini yaratdi. U xalq ijodidan, folklor asarlaridan keng foydalangan holda «Yetti boshli dev» asarini ham yaratdi.
Ayniyning urushdan keyingi tiklanish yillarida yaratgan asarlari orasida to‘rt jilddik «Esdaliklar»i (1949 -1954) alohida ajralib turadi.
Sadriddin Ayniyning «Esdaliklar», «Sudxo‘rning o‘limi», shuningdek, «Doxunda» va «Qullar» romanlari bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Ayniy o‘zbek va tojik adabiyoti tarixi yuzasidan katta ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning o‘rta osiyolik buyuk shoir va olimlar — Rudakiy, Sa’diy, Ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Unga filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950) ilmiy darajasi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940) unvoni berilgan. Adib O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining faxriy a’zosi (1943) hamda Tojikiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi va birinchi prezidenti (1951-54) qilib saylangan. Bir necha yillar davomida Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat dorilfununining professori va Tojikiston fanlar Akademiyasi tashkil topgan kundan boshlaboq uning Prezidenti sifatida xizmat qilgan. U 1954-yilning 15-iyunida Dushanbe shahrida vafot etgan.