O‘zbekiston Respublikasi hududida “Uzbekistan airways” AJ agentlarini tayinlash bo‘yicha reglament va talabgorga qo‘yiladigan talablar
1. “Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchi tashuvlarini sotish bo‘yicha agentlarni tayinlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida aviatashuvlarni sotish bo‘yicha agentlik kelishuvini tuzish masalasi ko‘rib chiqilishi uchun o‘z faoliyatini ushbu mamlakatning talablari asosida yuritadigan, ko‘rsatiladigan faoliyat turi uchun maxsus yoki belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan rasmiy hujjatlarga/ruxsatnomaga ega bo‘lgan hamda turizm va/yoki aviatsiya tashuvlarini sotish sohasidagi faoliyatini o‘zining ustav hujjatlarida nazarga olgan yuridik shaxslar - yo‘lovchi tashuvlarini sotish bo‘yicha agent hisoblanishlari mumkin.
2. Talabgor shaxs oʻzi faoliyat yuritayotgan mamlakat qoidalarida belgilangan, yoʻlovchi aviatashuvlarini sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi barcha litsenziyalar va boshqa hujjatlarga ega boʻlishi kerak.
3. Agentlik kelishuvini tuzish uchun Talabgor shaxs o‘zining moliyaviy faoliyati davlat tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirilganligi va barqarorligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishi kerak. Aviakompaniya tegishli kafolatlarni olish maqsadida, ko‘rib chiqilishi uchun Talabgordan Agent faoliyat yuritayotgan mamlakat talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan moliyaviy natijalar (daromadlar, xarajatlar, o‘tgan davr foydasi) to‘g‘risidagi hisobotlarni, pul mablag‘larining oqimi to‘g‘risidagi hisobotni va buxgalteriya balansini talab qilishi mumkin. Aviakompaniya Agent faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shuningdek, agentlik shartnomasini tuzish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborilishiga qadar qo‘shimcha ravishda Agent faoliyati toʻgʻrisidagi auditorlik hisobotlarini ham talab qilishi mumkin. Zarur boʻlganda, aviakompaniyaning obro‘- e’tibori va nufuziga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish maqsadida, amaldagi qonunchilik talablari doirasida Aviakompaniya Talabgordan qo‘shimcha ma’lumotlarni soʻrab olish huquqiga ega.
4. Talabgor umumiy maydoni kamida 12 kv.metrdan iborat shaxsiy yoki ijaraga olingan ofis binosiga (xonalariga) ega boʻlishi kerak, u yerda:
- Aviatashuvlarni sotishni tashkil etish uchun shart-sharoitlar mavjud bo‘lishi;
- Mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan jamoat va tijorat binolarida talab etiladigan tegishli sanitariya-gigiyena va xavfsizlik talablariga rioya etilishi,
- aviakompaniyaning reklama va axborotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish uchun maxsus joylar;
- ishonchli qulflanadigan kirish va chiqish joylari, mustahkamlangan va himoyalangan deraza romlari, hujjatlar va pul tushumlarini xavfsiz saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus vositalar va jihozlar;
- xodimlar uchun barcha zarur terminal va texnologik uskunalar va vositalar bilan jihozlangan ish joylari;
- kirish joyida agentning o‘z nomi, ofisning ish vaqtlarining tartibi, aviatashuvlarini sotish amalga oshiriladigan aviakompaniya(lar)ning nomi va ularning ish kunining tartibi hamda aloqa vositalarining raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan peshlavhalar mavjud bo‘lishi kerak, shu bilan bir qatorda bunday sotuv punktlari aviakompaniyaning yoki “Uzbekistan airways sales” Filialining ofislari deb, ko‘rsatilishi mumkin emas.
5. Talabgor “Uzbekistan airways” AJ va boshqa aviakompaniyalar va/yoki rasmiy xalqaro yoki davlat aviatransport tashkilotlari va muassasalari bilan bir xil nomga ega bo‘lmasligi/foydalanmasligi kerak, shuningdek, sotuv ofislarini, blankalarini, reklama materiallarini va o‘ziga tegishli internet veb-saytini yoki mobil ilovasini belgilashda Tashuvchi logotipidan foydalanmasligi zarur.
Faqatgina imzolangan agentlik kelishuvida ko‘rsatilgan nom(lar) ostida Talabgor o‘z faoliyatini amalga oshirishi yoki unga tegishli har bir ofis ham aynan xuddi shu nom ostida ish yuritishi mumkin.
6. Talabgor shaxs tomonidan aviatashuvlarni sotish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun unga tegishli bo‘lgan ofisning arizada ma’lum etilgan manzili – uning doimiy va haqiqiy joylashuv manzili (yuridik manzili) bo‘lishi shart, shu bilan birga “Uzbekistan airways” AJ ofisi sifatida ko‘rsatilmasligi kerak.
7. Agentlik kelishuvini tuzish uchun Talabgor shaxs tomonidan “Uzbekistan airways sales” Filialiga quyidagi hujjatlarning nusxalari taqdim etiladi:
- korxonaning ustavi va korxona rahbarining pasportidan nusxalar;
- ta’sis shartnomasi va ta’sischi/ta’sischilarning pasportlaridan nusxalar;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
- turizm faoliyati bilan shug‘ullanishga huquq beradigan ruxsatnoma/litsenziya (turfirmalar uchun), agar bunday litsenziyaning zarurligi agent faoliyat yuritayotgan mamlakat qonunchiligida nazarda tutilgan bo‘lsa;
- Talabgor ish faoliyatini bir yildan ortiq yuritayotgan taqdirda, o‘tgan yilgi ish faoliyatining moliyaviy natijalari (daromadlar, xarajatlar, o‘tgan davr foydasi) to‘g‘risidagi hisobotlarni, pul mablag‘larining oqimi to‘g‘risidagi hisobotni va buxgalteriya balansini;
- Bankning tegishli firma blankida hisob raqamlari va MFO ko‘rsatilgan holda, amaldagi moliyaviy holati to‘g‘risidagi hisob-kitob varag‘ining asl nusxasi;
- aviatashuvlar sotuvini tashkil etish sohasidagi xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar;
- Agentga tegishli barcha muhrlarning (mavjud bo‘lsa) izi tushirilgan firma blanki.
- Ofisning (binoning tashqi ko‘rinishi, peshlavhalar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan xonadagi jihozlar) fotosuratlari;
8. Talabgor belgilangan shaklda to‘ldirilgan va rahbar tomonidan imzolangan ariza hamda PDF formatida skanerlangan hujjatlarning to‘liq to‘plamini (bitta fayl ichida jamlagan holda) aviakompaniya veb-saytida ko‘rsatilgan corp.sales@uzairways.com elektron manziliga yuborishi kerak.
9. Ariza va zarur hujjatlar to‘plami olinganidan keyin va taqdim etilgan hujjatlar to‘plamining to‘liq emasligi aniqlangan holatlarda, Talabgorga hujjatlarni to‘la-to‘kis jamlash zarurligi to‘g‘risida xabar beriladi, binobarin zarur bo‘lgan hujjatlarning biri yoki bir nechtasining mavjud bo‘lmasligi, Talabgor shaxs bilan agentlik kelishuvini tuzish masalasi ko‘rib chiqilishini rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin. Hujjatlar to‘plami olinganidan va tekshirilganidan so‘ng, talabgorga ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ko‘rib chiqilishi uchun qabul qilinganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi Talabgor bilan agentlik kelishuvi tuzilishiga qadar, aviakompaniya Talabgorning ofis binolari (xonalari) aviakompaniyaning aviatashuvlar sotiladigan ofis binolariga (xonalariga) qo‘yiladigan talablarga muvofiqligini tekshirishni tashkil qilishi, talabgorning ofisi joylashgan joyiga tashrif buyurgan holda binolarni ko‘rikdan o‘tkazishi va standart nazorat ko‘rik varag‘ini rasmiylashtirishi mumkin.
10. Agentlik kelishuvini imzolash to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan holatlarda, aviakompaniyaning vakolatli shaxslari tomonidan kamida olti oy davom etadigan sinov muddatiga “Uzbekistan airways” AJ yo‘lovchi tashuvlarini sotish to‘g‘risidagi tegishli Agentlik kelishuvi imzolanadi.
Agar agentlik kelishuvining sinov muddati natijalariga ko‘ra “Uzbekistan airways” AJ agent bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qabul qilmagan bo‘lsa, u holda agentlik kelishuvida belgilangan talablarga muvofiq, ushbu kelishuv “Uzbekistan airways” AJ tomonidan bir tomonlama tartibda, o‘zaro hisob-kitoblarning barcha shartlari bajarilgan holda bekor qilinadi. Talabgorga agentlik kelishuvini muddatidan oldin bekor qilish sabablari tushuntirilgan holda, kelgusida agent sifatida u bilan hamkorlik qilish rad etilgani to‘g‘risida xabar beriladi.
Hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan holda, agent bilan belgilangan amal qilish muddatiga agentlik kelishuvi imzolanadi.