“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisining korrupsiyaga qarshi kurashish va uni bartaraf etish yuzasidan murojaati
Hurmatli hamkasblar va “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchilari!
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurashishning ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan tizimini joriy etish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Hozirda korrupsiya davlat va jamiyatning samarali rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi, ulkan ijtimoiy xavf tug‘diruvchi jiddiy xavf-xatarlardan biridir. U barqarorlik va xavfsizlikka putur yetkazib, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotda sezilarli va o‘rinli yo‘qotishlarga olib keladi. Binobarin, unga qarshi samarali kurash olib borishga tayyor turish, jahon hamjamiyati tomonidan davlatning rivojlanganligi, demokratik qadriyatlarga sodiqligining asosiy ko‘rsatkichi sifatida baholanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish davlatimizning eng muhim faoliyati bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. O‘zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini yuksak darajaga ko‘tarish, zamonaviy samarali davlat boshqaruvini joriy etish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qat’iy murosasizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan yuksak g‘oyalarga asoslanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi 419-sonli Qonuniga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari - qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik hamda shaffoflikdir.
Davlat va fuqarolik jamiyatining oʻzaro hamkorligi, korrupsiyaning oldini olish va jazoning muqarrarligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning ustuvorligi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hisoblanadi.
Sir emaski, mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va unga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlab yuborilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5177-son Qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-oktabrdan boshlab, barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida mavjud bo‘linmalar tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat bo‘linmalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatida ham korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish uchun mas’ul bo‘linma – Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens xizmati tashkil etildi. Bugungi kunda “Uzbekistan Airways” AJ faoliyatining ustuvor yo‘nalishi - bu qonunchilikka sodiqlik, biznes yuritishda yuksak axloqiy me’yorlar, sheriklar bilan ishbilarmonlik munosabatlarida xodimlar o‘rtasida va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik, ishbilarmonlik obro‘sini mustahkamlash va korrupsiya xurujlaridan himoya qilish maqsadida xalqaro standartlar va korrupsiyaga qarshi milliy qonunchilikka rioya qilish hisoblanadi.
Ayni paytda “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatida yo‘lovchi va yuk tashuvlari xizmatlarini ko‘rsatish, kadrlarni ishga qabul qilish va boshqa faoliyat yo‘nalishlarida inson omilini minimallashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimni joriy etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, mazkur tizimni 2023-yilning birinchi choragi oxiriga qadar ularni to‘liq amalga oshirish rejalashtirilganligini alohida ta’kidlash joiz.
Albatta, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida bu yetarli emas. Korrupsiyaga qarshi kurashishni, eng avvalo, har bir xodim, har bir yo‘lovchi o‘zidan boshlashi lozim. Har birimiz o‘z ishimizga halol va vijdonan yondashishimiz kerak. Korrupsiya kichik, ko‘zga ko‘rinmas elementlardan boshlanadi. Biz har bir vaziyatga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bunda xodim yoki boshqa shaxs korrupsiyaga aloqador bo‘lmasligi, biroq hamkasbi yoki unga tanish bo‘lgan shaxsning korrupsiyada ishtirok etayotganining guvohiga aylanishi mumkin.
Hurmatli yo‘lovchilar va “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati xodimlari!
Sizlarni jamiyatning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga qat’iy rioya qilishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga chek qo‘yishga, uning oldini olishga, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda faol ishtirok etishga undayman.
Agar siz “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan korrupsiya harakatlariga guvoh bo‘lsangiz, bu haqda:
“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-saytidagi qayta aloqa kanali
- (“Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limi;
- anticorruption@uzairways.com elektron pochta manzili;
- Telegram messenjeridagi @compliance_control_uzairways kanali;
-“Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi https://facebook.com/uzairways.official rasmiy sahifasi;
- +998(78)140-02-00 raqamli Yagona Aloqa markazi orqali xabar berishingiz mumkin.