Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur
Turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijobiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning munosib vorislaridan bo‘ldi. uning avlodlari esa ko‘p yillar davomida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsata oldilar. Shu tariqa Bobur ulkan sulola asoschisi sifatida tarixda qoldi.
O‘rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahriddin Muhammad Bobur 1483yil 14-fevralda Andijonda tug‘ildi.
Zahriddin Muhammad Bobur adabiyotshunos, tarixshunos olim va shoir sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida muunosib o‘rin egalladi. Bobur farzandlarini ham ilm olishga undar, ular uchun eng yaxshi ustozlardan homiylik qilishni so‘rardi. Qarangki, Boburning o‘rtancha o‘g‘li Kamronda ham shoirlik qobiliyati paydo bo‘ldi. U "Kamron" taxassuli bilan ruboiy va g‘azallar bitishni boshladi. Boburning sevimli qizi Gulbadan esa nasr yo‘lanishidan bordi. Uning katta akasi Humoyunga bag‘ishlab yozgan "Humoyunnoma" asari esa muhim tarixiy hujjatlardan biri bo‘lib qoldi.
Bobur jahonga mashhur “Boburnoma” asarini yaratdi. Unda Movarounnahr, Xuroson, Hindiston xalqlari tarixi, urf-odat va an’analarini, tarixiy shaxslarini, mamlakat tabiiy lavhalarini aks ettirdi. “Boburnoma” Bobur kezgan yurtlar haqida o‘ziga xos qomusdir. Lekin bu faqat sinchkov emas, badiiy zavqi ham baland bo‘lgan ijodkor tomonidan yozilgan. Asarda turli fanlarga oid ma’lumotlar bilan bir qatorda go‘zal ijodiy kuzatishlar, chiroyli badiiy lavhalar ham bor. Ayniqsa, Xuroson va Hindiston manzaralarini chizganda, xususan, o‘zbek o‘quvchisiga notanish urf-odatlar, o‘simlik va hayvonlar haqida hikoya qilganda Boburning badiiy iste’dodi ish beradi. Shuningdek, Bobur Xo‘ja Ubaydullo Ahrorning “Volidiya” risolasini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi, aruz vazni va qofiya masalalariga “Mufassal” asarini yozdi.
Bobur 1530-yilning 26-dekabrida Hindistonnig Agra shahrida o‘zi bunyod etgan go‘zal maskan Zarafshon chorbog‘ida vafot etdi.