Abdulla Qodiriy (1894-1938)
Abdulla Qodiriy - yorqin, barchaga keng ma’lum shoir va yozuvchi, dramaturg va publitsist, o‘zbek adabiyotida roman janri asoschisi. Qodiriyning asarlari o‘zbek xalqi hayotiga bag‘ishlangan.
Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894-yil Toshkentda badavlat savdogar oilasida tug‘ilgan. Yoshlik va o‘smirlik yillardagi muhit - savdogarlar, boylar va kambag‘al dehqonlar, iqtidorli hunarmandlar, doim muhtojlikda kun kechiruvchi kosiblar va yersiz dehqonlardan iborat bo‘lgan. Ushbu mehnatkash odamlar dunyosi, shuningdek, shahar ziyolilari bo‘lajak yozuvchi shakllanishida muhim o‘rin tutdi.
Abdulla yoshiligidan uzoq umr kechirgan (Qodir aka 102 yil umr ko‘rgan) va ko‘pni ko‘rgan otasining hikoyalarini tinglab o‘tirar edi, otasidan u adabiy faoliyatida as qotgan sezgir kuzatuvchanlikni meros qilib olgan. Uning otasi bog‘dorchilikni juda yaxshi ko‘rgan, shu sabab, Qodiriyning o‘zini bog‘bonning o‘g‘liman, degan fikrlarini uchratish mumkin. Abdulla Qodiriy avvaliga musulmon maktabida (1904-1906), keyin — rus-tuzem maktabida (1908-1012) o‘qib, muvaffaqiyatli yakunlaydi. 1912-yilga kelib, Abdulla Qodiriyning nisbatan birinchi adabiy tarjribalari boshlanadi. O‘zining ilk nashr etilgan asarlarida - “Xotinboz” (1915) va “Baxtsiz kuyov” (1915) hikoyalarida eski o‘zbek turmushining chizgilari hajviyona ifodalangan. 1915-1917-yillar Qodiriy Abdul Qosim madrasasida arab va fors tillarini astoydil o‘rganadi. Yozuvchining inqilobdan avvalgi asarlarida jadidchilik ta’siri seziladi.
Sovet davrida A. Qodiriy V. Ya. Bryusov (1924-1925) nomidagi Moskva adabiy kurslarida o’qiydi, so‘ngra, 1925-1926-yillar Toshkentda, “Mushtum” o‘zbek hajviy jurnalida ishlaydi. U yerda kitobxonning katta muvaffaqiyatiga sazovor bo‘lgan ijodkorning hajviy hikoyalari va feletonlari chop etiladi. Qodiriyning roman va qissalari (“O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”), shuningdek, jamoaviy ijodi (“Obid Ketmon” qissasi) XIX asr toshkentlik va qo‘qonlik o‘zbeklar hayotiga bag‘ishlangan. Qodiriyning ijodiy javohiri — “O‘tgan kunlar” (1926) va “Mehrobdan chayon” (1929) tarixiy romanlari - o‘zbek adabiyoti tarixiy mavzuidagi ilk asarlar. Abdulla Qodiriydagi tarixiy mavzuga bo‘lgan qizqishi o‘z xalqining o‘tmishini tushunishga bo‘lgan intilishi, uning sabri, mehnatkashligi, xalqning ozodlik va mustaqillik sari qahramonona kurashi bilan izohlanadi. “O‘tgan kunlar” romani katta shuhrat qozongan. Barcha ziyolilar ushbu kitobni o‘qishga intilgan. Va hatto, savodsiz kishilar uni tinglash uchun guruh bo‘lib to‘planishgan. Ko‘plab o‘zbek oilalarida romanning Otabek va Kumush qahramonlarining ismlari paydo bo‘la boshlagan.
Abdulla Qodiriy o‘z xalqining hayotini birovlar orqali va kitoblardan bilgan emas, u bevosita odamlar bilan suhbat qurib, ularning alohida jihatlarini o‘ziga singdirgan. U eski uslubdagi maktabni yakunlab, rus-tuzem maktabida va madrasada tahsil oladi. Navoiy, Lutfiy, Muqimiy, Furqat, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa o‘zbek adabiyoti mumtoz ijodkorlarining asarlari mutolaasi bilan qiziqadi.
Abdulla Qodiriy qatag‘on qilingan. 1937-yilning 31-dekabrida “xalq dushmani” sifatida hibsga olinadi, bunga hasadgo‘y “qalamkash hamkasblari” qo‘l urgan. 1938-yilning 4- oktabr kuni yozuvchi otib tashlangan, o‘limidan so‘ng oqlangan. Toshkentdagi Xo‘ja Alambardor (Kamolon) qabristoniga dafn etilgan.
Hozirda Toshkentning markaziy ko‘chalariga, Chorsu yaqinidagi madaniyat bog‘i va Yunusobod metro bekatiga yozuvchining nomi berilgan.
Ijodiy ishlari
“O‘tgan kunlar” (roman), “Mehrobdan chayon” (roman), “Obid ketmon” (qissa), “Girvonlik Mallaboy”, “Xotinboz”, “Baxtsiz kuyov”, “Millatimga”, “Yovuz ruhlar iskanjasida”.
Mukofotlari
1991 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan “Mustaqillik” ordeniga sazovor bo‘lgan.
Ekranlashtirilgan asarlari
1969-yil — “O‘tgan kunlar”, rejissyor Yo‘ldosh Agzamov, bosh rolda O‘lmas Alixo‘jayev.
1973-yil — “Zulmatdan qochish”. “Mehrobdan chayon” romani asosida. Rejissyor Yo‘ldosh Agzamov, senariy muallifi S. Muhamedov, operator — A. Pann. Rollarda: I. Ergashev, T. Shokirova, A. Xo‘jayev, Sh. Irgashev, Ya. Ahmedov, N. Rahimov.
1997-yil — “O‘tgan kunlar”, rejissyor M. Abzalov, bosh rolda B. Muhamatkarimov.