Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Enable a screen reader

Abdulla Oripov (1941–2016)

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

OripovShoir, tarjimon, publitsist, jamoat arbobi Abdulla Oripov 1941-yil 21-martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻilgan.

Abdulla Oripov zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy oʻziga xos betakror kuylagan taniqli ijodkor. Oripov hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga yangicha badiiy tafakkur yoʻsinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom singari ijodkorlar badiiy anʼanalarining davomchisi hisoblanadi.

Dastlabki sheʼri 1957-yilda, oʻzbek sheʼriyatida oʻziga xos voqea boʻlgan “Mitti yulduz” nomli birinchi kitobi esa 1965-yilda nashr etildi. Shundan keyin “Koʻzlarim yoʻlingda” (1966), “Onajon” (1969), “Ruhim” (1971), “Oʻzbekiston” (1972), “Hayrat” (1974), “Yurtim shamoli” (1976), “Yuzma-yuz” (1978), “Najot qalʼasi” (1980), “Jannatga yoʻl” (1980), “Surat va siyrat” (1981), “Yillar armoni” (1983), “Oltmish yoshli vatanning olti yoshli oʻgʻloni” (1983), “Ehtiyoj farzandi” (1989), “Sen bahorni sogʻinmadingmi”, “Bobo va nabira”, “Qush tili” (1991), “Munojot”, “Muborak haj yoʻllarida”, “Haj daftari, Hikmat sadolari” (1992), “Hikmat sadolari” (1993), “Dunyo” (1995), “Ibodat”, “Sohibqiron”, “Saylanma” (1996), “Savob” (1997), “Bedorlik” (1999), “Mustaqillik qoʻshigʻi” (2000), “Bir qarasam…” (2001), “Shoir yuragi” (2003), “Mehr” (2004), “Koʻz tumor” (2005), “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni”, “Birinchi muhabbatim” (2006), “Talosh pallasi”, “Saylanma” (2007), “Ona yangligʻ yagona”, “Menga xushxabar ayt” (2009), “Istiqlol manzaralari”, “Saylanma” (2011), “Ezgulik”, “Ranglar va ohanglar” (2012), “Tutash dunyolar”,  “Yangi sheʼrlar”, “Sohibqiron” (2015) kabi oltmishga yaqin toʻplamlari chop etildi. 2000–2013 yillarda “Tanlangan asarlar”ning yetti jildligi bosilib chiqdi.

Abdulla Oripovning dostonlari, sheʼrlari koʻplab xorij tillariga tarjima qilindi. “Rodnik” (1970), “Veter Rodiniʼ” (M., 1975), “Lyubov k jizni” (M., 1980), “Jajda vesniʼ” (1985), “Udivleniye” (1985), “Veter moyego kraya” (M., 1988), “Soxibkiran” (1996), “Blagoslovenno projitoye mnoy” (2003) singari sakkizta kitobi Moskva va Toshkentda rus tilida bosilib chiqdi. “Ilhom” (1984) tojik tilida, “Sheʼrlar” (1989) Urumchida uygʻur tilida, “Hur oʻlkam” (1999) majmuasi Istanbulda turk tilida nashr etildi.

U buyuk italyan shoiri Dante Aligerining shoh asari “Ilohiy komediya”ning “Doʻzax” qismini toʻligʻicha va “Aʼrof” qismidan toʻqqiz qoʻshiqni mahorat bilan oʻzbek tiliga oʻgirdi (1975,2005). Yenye Xelton, A. Pushkin, N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliyev, Maxsatiy Ganjaviy, Yegishe Charens, H. Bachchan, H. Merilaas, Xalil Rizo va boshqa qardosh shoirlar sheʼrlarini tarjima qildi.

Shoir ijodi mustaqillik yillarida nihoyatda tuygʻularga boy, fayzli va sermahsul boʻldi. “Haj daftari” (1992) turkumiga kirgan sheʼrlarida shoir maʼnaviyatimiz manbalarini kashf etish yoʻlidan boradi. Qurʼoni Karim, Hadisi shariflardan zamonaviy maʼnolar izlaydi va topadi. U dostonnavis va dramaturg sifatda ham maʼlum va mashhurdir. Xususan, “Sohibqiron” (1996) sheʼriy dramasi va “Istiqlol manzaralari” (2011) dostoni shoirga katta shuhrat keltirdi.

Oʻzbek xalqining milliy tiklanish, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurashida Abdulla Oripov sheʼriyati alohida oʻrin tutadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasi mualifidir.