Til millatning borligi, birligi ifodasidir
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Inson Vatan tushunchasini ilk bor ona tilida anglaydi, qalbiga tinchlik va xotirjamlik bag‘ishlovchi allani ana shu tilda eshitadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, til, millat, Vatan tushunchalari doimo yonma-yon.
Aslida ham til millatning madaniyati va ma’naviyati, qadim tarixi hamda o‘sha millatga xos urf-odatlar majmuini yaqqol ifodalaydi. Til tirik bo‘lsa, millat yashaydi.
O‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, dardu armonlari, g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ajdodlarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelgan. Shu tilda buyuk ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratgan.
O‘zbek tilining necha ming yillik tarixga ega ekanligini bilish uchun Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib asarlarini o‘qish lozim. Ana shundagina betakror tilimiz eng ko‘hna tillardan biri ekaniga amin bo‘lasiz. Hazrat Navoiy esa «Tilga e’tibor – elga e’tibor» iborasi bilan bizni ona tilimizdan faxrlanishga, g‘ururlanishga undadi, ana shu tilda «Xamsa»ni bitib, uni yuksaklarga ko‘tardi. Zamondosh tilshunoslarimizdan biri: «Navoiy ijodi tilimizni o‘rganish uchun cheksiz ummondir», degan edi. Alisher Navoiyning ulug‘ maqsadi turkiy tilning ifoda imkoniyatlarini va uning badiiy xususiyatlarini dunyoga ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Ulug‘ ajdodimizning asarlarini o‘qiganimizda o‘zbek tilining ildizi qanchalik chuqur ekanligi, bu tilning imkoniyatlari naqadar kengligini anglaymiz.
Navoiydan keyin tilimizni mumtoz adabiy tillar darajasiga ko‘tarishni Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z zimmasiga oldi. Shoh va shoir Bobur Mirzo turkiy tilning boy ohang va tovushlarini to‘liq ifoda etishga imkon beradigan yangi alifbo yaratish zarurligini anglagan holda «Xatti Boburiy»ni yaratdi. Boborahim Mashrab, Muhammad Rizo Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Kahhor, Oybek, O‘lmas Umarbekov, O‘tkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parpi kabi bir qator o‘zbek adabiyotining namoyandalari o‘z ijodi ila tilimiz va millatimiz mavqeini ko‘klarga ko‘tardi.
Til – millatning eng birinchi belgisi. Uning ravnaqi shu xalq ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Til, avvalo, milliy mustaqillik shahodatnomasi. Bosh qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Davlat tili hakidagi qonunning qabul kilinishi esa tilimizning jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirdi.
Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ona tilimizning mavqeini yanada oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Farmonda davlat tilini rivojlantirish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha dastur va «Yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, «O‘zbek tili bayrami kuni»ni nishonlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni muomalaga kiritish kabi bir qancha vazifalarni amalga oshirish belgilandi. Bu hujjat yurtimizda tilimiz rivoji, uni saqlash va rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Va, guvohi bo‘lib turganimizdek, mamlakatimizda ushbu hujjatda ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga tatbiq etish borasida sezilarli ishlar olib borilyapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 50 milliondan ziyod aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biri ekanidan dalolat.
Bugungi kunda ona tilimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilib, jahon minbarlarida baralla yangramoqda. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi esa tilimizning jahon miqyosidagi nufuzini yana bir bor mustahkamladi.
Feruza QURBONOVA,
“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar
samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash
masalalari bo‘yicha maslahatchisi.