2023-yilning 1-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligida Uzbekistan Airways tomonidan Navroʻz bayramiga 21% chegirma e’lon qilinishi munosabati bilan birifing tashkil etildi. Brifingda “Uzbekistan Airways” AJ Axborot xizmati rahbari Kamola Ikramova Navro‘z bayrami kunlarida amalga oshiriladigan qatnovlarga taqdim etiladigan chegirma to‘g‘risida ma’lum qildi:
“Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Navro‘z bayrami kunlari yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar taqdim etish va ularning dam olish kunlarida mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishlari uchun joriy yilning 18-martidan 22-martiga qadar amalga oshirilayotgan mahalliy aviaqatnovlarning ekonom va bizness klass tariflariga 21% chegirma e’lon qiladi.
Chegirma shartlariga ko‘ra bayram chegirmasini boshqa turdagi chegirmalar bilan birlashtirish taqiqlanadi. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun chegirma amal qilmaydi. 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 25% bolalar chegirmasiga qo‘shimcha ravishda 21% chegirma taqdim etiladi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2023-yil 26-martdan joriy yilning 28-oktyabriga qadar amal qiladigan bahor-yoz parvozlar jadvaliga o‘tmoqda. Yozgi navigatsiya davrida aviakompaniya mashhur sayyohlik yo‘nalishlariga parvozlar sonini ko‘paytiradi, shuningdek, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytiradi. Ushbu mavsum davrida 70 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Toshkentdan Urganch va Nukusga parvozlar kuniga 2 marta, Buxoroga yesa 1 marta amalga oshiriladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston poytaxtidan Qarshiga haftada 2 marta, Termiz va Samarqandga 6 marta, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab: Namanganga – 2, Farg‘onaga – 3 va Andijonga ham ikki martadan aviaqatnovlar bajariladi.
Aviachiptalarni aviakompaniyaning rasmiy www.uzairways.com sayti, shuningdek, “UzAirways” mobil ilovasi, Uzbekistan Airways Sales orqali yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilishingiz mumkin.”