Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha izchil choralar koʻrildi. Shu bilan birga, mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida uning jahon aviatashishlar bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash va ushbu tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun tarkibiy islohotlarni yanada amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5584-sonli Farmoniga muvofiq, maxsus tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va amaliy koʻmaklashish boʻyicha ishlar olib borildi.
Xususan, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasi, shuningdek, “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi» davlat unitar korxonalari negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiga kiradigan davlat unitar korxonalari masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirildi.
Shuningdek “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati unga quyidagi MCHJlarning ustav fondlaridagi davlat ulushini oʻtkazilishi yoʻli bilan tashkil etildi:
- “Andijon” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Buxoro” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Qarshi” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Navoiy” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Nukus” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Namangan” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Samarqand” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Islom Karimov nomidagi «Toshkent” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Termiz” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Urganch” xalqaro aeroporti» MCHJ;
- “Fargʻona” xalqaro aeroporti» MCHJ.
Bundan tashqari, “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK negizida “Uzbekistan Helicopters” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil qild'i. “Oʻzaeronavigatsiya” markazi» davlat korxonasi esa Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi ixtiyoriga oʻtkazildi.