Mahmud Qoshg‘ariy (1030–1127)
Mahmud Qoshg‘ariy Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asr madaniyatining buyuk arboblaridan bo‘lib, tilshunoslik sohasida, xususan, turkiy tillarni o‘rganish sohasida mashhur bo‘ldi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi.
Mahmud kelib chiqishi va tiliga ko‘ra Qoshg‘ariy nisbatini olgan. U yashab ijod etgan davrda Movarounnahrda Somoniylar o‘rnini Qoraxoniylar sulolasi egallagan, turkiy adabiy til mintaqada keng urf bo‘la boshlagan edi. Hatto Abbosiylar xalifaligi markazlarida, azaldan arab va boshqa somoniy xalqlar yashab kelgan o‘lkalarda turkiy elatlar namoyandalari ko‘payib, turkiy tilga e’tibor oshgan edi. Mahmud Qoshg‘ariy ham o‘zining uzoq yillar davomida yaratgan “Devonu lug‘atit turk” kitobini 1075-yilda tugallagan. Asarning asosiy matni o‘sha davrda keng mintaqa musulmon Sharqida, butun Yaqin va O‘rta Sharqda din, fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan bo‘lib, turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan.
Muallif ko‘rsatishicha, kitob bo‘limdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir bo‘limda ot-ism so‘zlar, fe’llar qulaylik uchun alohida ajratib berilgan. Asarda 7500 dan oshiq turkiy so‘z va iboralar izohlangan. “Devonu lug‘atit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan bo‘lib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati o‘rtacha adabiy tildagi 10–12 so‘zga, shevaga oid bir so‘zga to‘g‘ri keladi, ya’ni umumturkiy adabiy tilga ayricha ahamiyat ajratilgan. Bu holat o‘sha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustaxkam mavqega ega bo‘lganini tasdiqlovchi qat’iy dalildir.
Lug‘atda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, o‘lka nomlari, daryo, tog‘, yaylov, vodiy, dara, yo‘l, dovon, ko‘l, soy kabi geografik atamalar, turli qabila, urug‘, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi. Asarga Mahmud Qoshg‘ariy tuzgan dunyo xaritasi, dunyoning doira shaklidagi tasviri ham ilova qilingan. Uning markazida Markaziy Osiyo joylashgan. XI asr geografiya ilmining namunasi bo‘lmish bu xarita Qoshg‘ariyning qomusiy olimligining dalilidir.
Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, 700 satrdan oshiq she’riy parchalar ushbu asar sahifalaridan o‘rin olgan. She’riy parchalarning ko‘p qismi turkiy xalqlar og‘zaki ijodiga xos to‘rtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan she’riy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri she’riyatiga xos bo‘lgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, g‘azal, qit’a parchalari bo‘lib, ularni Qoshg‘ariy o‘zi ham ko‘pincha “bayt” deb ataydi.
Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qo‘shiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, she’rlar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Koshg‘ariy devonda keltirilgan VIII–XI asrlarga oid turkiy she’riyat namunalarida u yoki bu darajada aruz vazniga o‘tish moyilligi seziladi.
Uning kitobida jamlangan aniq-ravshan ma’lumotlar VIII–XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham og‘zaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbai sanaladi. “Devonu lug‘atit turk”ni o‘sha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin.