“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Maslahat-kengash organi to‘g‘risida NIZOM
1. Hujjat haqida ma’lumot
Mazkur Nizom “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisitomonidan ishlab chiqilgan.
1.2. “Uzbekistan Airways” AJ xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Maslahat-kengash organi faoliyatini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
1.3. Quyidagilarga muvofiq ishlab chiqilgan:
- Hujjatlashtirilgan axborotni boshqarish bo‘yicha qo‘llanma.
- O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” 2019-yil 2-sentabrdagi O‘RQ-562-son hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” 2019-yil 2-sentabrdagi O‘RQ-561-sonli Qonunlari hamda AJ Boshqaruvi raisining 2025-yil 28-iyuldagi 531-son buyrug‘i.
1.4. Birinchi marta kiritilmoqda.
1.5. Agar mazkur Nizomni qo‘llashda, uning mazmuniga biron-bir e’tiroz yoki uni takomollashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar yuzaga kelsa, ular keyingi nashr tayyorlanishida inobatga olinadi.
1.6. Mazkur Nizomning mazmuniga e’tiroz yoki takomillashtirish bo‘yicha takliflarni AJ Boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisinomiga yozma (yoki og‘zaki) tarzda yuborishingizni so‘raymiz:
- tel.: (78)140-47-92
- ichki tel.: 11-14
с)e-mail: Feruza.Kurbanova@uzairways.com
2. Umumiy qoidalar
2.1. Mazkur Nizom “Uzbekistan Airways” AJ (keyingi o‘rinlarda — AJ)xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha Maslahat-kengash ining (keyingi o‘rinlarda — Kengash) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2.2. Kengash doimiy faoliyat yurituvchi maslahatlashuv organi bo‘lib, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
2.3. Kengash AJ Boshqaruvi raisining buyrug‘i bilan tashkil etiladi va uning faoliyati AJning barcha tarkibiy korxonalariga tatbiq etiladi.
2.4. Kengashning qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
2.5. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchi bo‘lgan gender tenglikga oid hujjatlar, Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi topshiriqlari, AJ Boshqaruvi raisi buyruq va ko‘rsatmalari hamda ushbu Nizom asosida amalga oshiradi.
2.6. Kengash to‘g‘risidagi Nizom va unga kiritiladigan o‘zgartirishlar aviakompaniya Boshqaruvi raisining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
2.7. Kengash o‘z qonuniylik, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqligi, jinsi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, insonparvarlik, vatanpavarlik ochqlik va shaffoflik tamoyillari asosida faoliyat olib boradi.
3. Kengashning tuzilishi va vakolatlari
3.1. Kengash tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotib va a’zolar kiradi, ular AJ Boshqaruvi raisining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi.
3.2. Kengash tarkibiga AJning turli tuzilmaviy bo‘linmalaridan vakillar hamda gender siyosati bo‘yicha ekspertlar kirishi mumkin.
3.3. Kengash raisi AJ Boshqaruvi raisining buyrug‘i bilan kamida ikki yildan kam bo‘lmagan muddatga tayinlanadi.
3.4. Kengash raisi Boshqaruv raisining o‘rinbosarlari yoki gender tengligi bo‘yicha zarur bilim va tajribaga ega xodimlar orasidan tayinlanadi.
3.5. Kengash raisi Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, majlislarni chaqiradi va olib boradi, Kengash qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi.
3.6. Belgilangan vazifalarni bajarish uchun Kengash raisi quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlash printsiplariga rioya qilinishini ta’minlaydi;
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar va imkoniyatlarni ta’minlash holatini tahlil qiliadi, gender siyosatini amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni qo‘llashning maqsadga muvofiqligini o‘rganadi, shuningdek, ularni qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritadi;
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash sohasida gender ko'rsatkichlarini tahlil qiladi, ushbu faoliyatni monitoring qiladi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqadi va tahlil qiladi;
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha xodimlarning kasbiy darajasini oshirish choralarini ko‘radi;
- jinsiga ko‘ra bevosita yoki bilvosita kamsitish holatlarini bartaraf etish choralarini ko‘radi;
- o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va hujjatlarni so‘raydi;
- Kengash majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi, Kengash majlislarida raislik qiladi;
- Kengashning ish rejasi, yig‘ilish bayonlari va kengash faoliyatiga taalluqli boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;
- Kengash qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi;
- Kengash a’zolarining ularga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- AJ Boshqaruvi raisiga Kengash a’zolarini uning tarkibiga kiritish yoki tarkibidan chiqarish, shuningdek, Kengash faoliyatiga oid masalalar yuzasidan takliflar kiritadi;
- gender tenglik masalalari bo‘yicha ekspertlar va mutaxassislarni Kengash yig‘ilishlariga taklif etadi.
- aviakompaniya rahbariyati, davlat organlari, jamoat tashkilotlari va boshqa tuzilmalar bilan munosabatlarda Kengash manfaatlarini ifodalaydi;
- Kengash faoliyati natijalari va boshqaruv qarorlarini qabul qilish zarurligi to‘g‘risida AJ rahbariyatini xabardor qiladi;
- Kengash faoliyati bilan bog‘liq axborotning maxfiyligini ta’minlaydi;
- qonun hujjatlari va Kengash qarorlariga muvofiq, boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
3.7. Kengash raisi yo‘qligida uning vakolatlari va majburiyatlarini Kengash raisi o‘rinbosari bajaradi.
3.8. Kengash kotibi:
- Majlis uchun zarur hujjatlarni o‘z vaqtida tayyorlaydi;
- Kengash a’zolari va taklif etilgan shaxslarni yig‘ilish joyi, vaqti va sanasi haqida xabardor qiladi;
- yig‘ilish bayonini rasmiylashtiradi va a’zolar hamda boshqa manfaatdor shaxslarga yetkazadi.
3.9. Kengash a’zolari:
- Kengash yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda o‘z vakolatlarini berish huquqisiz ishtirok etadi;
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni va AJning ichki me’yoriy hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
- xodimlar va ularning oila a’zolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritadi.
3.10. Kengash a’zolari, ayrim hollarda, yig‘ilishda ishtirok eta olmagan taqdirda, o‘z fikrlarini yozma ravishda Kengash kotibiga taqdim etishi mumkin, mazkur fikrlar yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.
4. Kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
4.1. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi gender siyosatini hamda davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
- gender muhitiga oid anonim so‘rov o‘tkazish, xodimlar orasida jinsiy kamsitilish holatlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan faktlar bo‘yicha muntazam statistik tahlillarni olib borish va ma’lumotlarni yig‘ish;
- xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlari buzilishiga oid jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularni tiklash bo‘yicha choralar ko‘rishda ishtirok etish;
- xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, ularning muammolarini o‘rganishda, ularning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini, huquqiy, ma’naviy, intellektual bilimlarini oshirishda, ma’rifiy va axborot tadbirlarini rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etish;
- Yuridik boshqarma tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy va boshqa ichki me’yoriy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasini o‘tkazishda manzilli ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan gender tengligini ta’minlash bo‘yicha imtiyozlar yaratish holatini o‘rganish, shuningdek uning natijalari bo‘yicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;
- gender tengligi nuqtai nazaridan faoliyat jarayonlarini monitoring va baholash, ish beruvchi tomonidan ishga qabul qilishda, lavozimlarga tayinlashda va kadrlar zaxirasini shakllantirishda gender tengligini ta’minlashda ishtirok etish;
- ish joyida turli zo‘ravonlik shakllarini bartaraf etish, ayollar va erkaklar tengligini ta’minlash, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish, xodimlarning kasbiy salohiyatini va mehnat faolligini oshirish, ularning kasbiy mahoratini rivojlantirish uchun sharoit yaratish;
- kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan erkaklar va ayollarga har tomonlama ko‘maklashish choralarini ko‘rish, bir xil lavozimlarda ishlayotgan ayollar va erkaklarga teng ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar to‘lanishini monitoring qilish;
4.2. Belgilangan vazifalarga muvofiq, Kengash quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
- gender siyosatini amalga oshirish bo‘yicha dastur va tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
- xodimlarni gender siyosati bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etish;
- xodimlar va rahbariyatning gender tarkibi bo‘yicha ma’lumotlarni hisobga olish va tahlil qilish;
- davlat organlari, jamoat tashkilotlari va ekspertlar, shuningdek, o‘rnatilgan tartibda xalqaro tashkilotlar bilan gender siyosati masalalarida hamkorlik qilish;
- xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha faoliyat va natijalar to‘g‘risida hisobot tayyorlash.
5. Kengashning huquq va majburiyatlari
5.1. Kengash asosiy vazifa va funksiyalarini bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
- AJ rahbariyati bilan kelishilgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
- xodimlar hamda ularning oila a’zolarining konstitutsiyaviy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini o‘rganish;
- xodimlarning roziligi bilan ularning ishlash va yashash shart-sharoitlari bilan tanishish;
- ichki idoraviy hujjatlarni tahlil qilish orqali aniqlangan gender tengsizlikni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va tegishli tarkibiy bo‘linmalar yoki Yuridik boshqarmaga taqdim etish;
- Kengash vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan AJ rahbariyatiga takliflar kiritish;
- AJ tarkibiy bo‘linmalaridan Kengash faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborotni, statistik ma’lumotlarni va boshqa materiallarni belgilangan tartibda so‘rab olish;
- Kengashi yig‘ilishlarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish.
5.2. Kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda quyidagi majburiyatlarga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga rioya qilish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qilish;
- xodimlarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik;
- faoliyatini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilish;
- qonun hujjatlariga muvofiq, Kengash boshqa majburiyatlar va huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
6. Kengash faoliyatini tashkil etish
6.1. Kengash o‘z faoliyatini mazkur Nizomga asosida amalga oshiradi.
6.2. Kengash asosiy faoliyatiga oid masalalarni o‘zining yig‘ilishlarida ko‘rib chiqadi. Kengash zaruriyatga qarab, lekin Kengash ish rejasiga muvofiq bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Kengashning navbatdan tashqari yig‘ilishi uning a’zolarining kamida uchdan bir qismi yozma murojaat qilgan taqdirda Kengash raisi tomonidan chaqirilishi mumkin.
6.3. Yig‘ilish kun tartibi loyihasi Kengash raisining topshiriqlariga ko‘ra, a’zolar takliflari asosida Kengash kotibi tomonidan shakllantiriladi.
6.4. Kengash yig‘ilishlari rais tomonidan olib boriladi, uning ishtiroki imkonsiz bo‘lsa, Kengash raisi o‘rinbosari yig‘ilishni boshqaradi. Kengashning yig‘ilishlarida aviakompaniya Boshqaruvi raisi, uning o‘rinbosarlari va bo‘linma rahbarlari ishtirok etishi mumkin.
6.5. Yig‘ilishda ishtirok etganlar soni taklif etilganlarning kamida ikki uchdan bir qismini tashkil etsa, yig‘ilish vakolatli hisoblanadi (kvorumga ega bo‘ladi). Kvorum shakllanmasa, yig‘ilish yangi sanasi e’lon qilinadi.
6.6. Kengash qarori yig‘ilishda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan holatlarda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
6.7. Qarorlar qabul qilishda Kengash masalalarni erkin muhokama qilish, ovoz berish, jamoatchilik fikrini hisobga olish, tenglik va kollegiallik tamoyillariga amal qiladi.
6.8. Har bir a’zo qabul qilingan qarorga nisbatan yozma fikr bildirish huquqiga ega, bunda fikrlar yig‘ilish bayoniga kiritiladi.
6.9. Shoshilinch qaror qabul qilish zarur bo‘lgan holatlarda, qaror Kengash a’zolari bilan maslahatlashilgan holda, so‘rov yo‘li bilan,Kengash raisi tomonidan qabul qilinishi mumkin. Kengash qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
6.10. Kengash yig‘ilishida qabul qilingan qaror yig‘ilish bayoni bilan rasmiylashtiriladi, yig‘ilish bayoni kotib tomonidan imzolanadi va yig‘ilishda raislik qiluvchi shaxs tomonidan tasdiqlanadi va uch kun ichida Kengash a’zolari va boshqa manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
6.11. Kengash faoliyati bo‘yicha hisobot yilda ikki marta AJ Boshqaruvi raisiga taqdim etiladi.
6.12. Kengash a’zolariga moddiy rag‘batlantirish haqqi to‘lanishi va ularning o‘z vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq xarajatlar AJning tegishli boshqarmalari bilan o‘rnatilgan tartibda kelishilgan holda qoplanishi mumkin.
7. Yakuniy qoidalar
7.1. Kengashning moddiy-texnik ta’minoti aviakompaniya tomonidan hamda qonunchilikka xilof bo‘lmagan boshqa manbalardan amalga oshiriladi.
7.2. Kengash faoliyatini nazorat qilish aviakompaniya Boshqaruvi raisi zimmasiga yuklatiladi.
7.3. Mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar AJ Boshqaruvi raisi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidagi o‘zgarishlarga muvofiq kiritiladi.
7.4. Mazkur Nizom tasdiqlangan kundan boshlab amal qiladi.