Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Enable a screen reader

Navro‘z

Ijtimoiy tarmoqlarda baham ko'ring

Navro‘z

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z!

Qishning ahvoliga boqib, hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z!

Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z

Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z!

Abdulla ORIPOV,
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri