8-dekabr - O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Oʻzbekiston Konstitutsiyasi haqida nimalarni bilamiz
Oʻzbekiston Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabr kuni Respublika Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 6 boʻlim, 26 bob, 128 modda va Muqaddima (kirish) qismidan iborat.
Oʻzbekiston oʻz mustaqilligini eʼlon qilgan sanadan eʼtiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan boʻlsa, birinchi Konstitutsiya qabul qilinishi barobarida mustaqillikning huquqiy tamal toshi oʻrnatilgan. Konstitutsiya yaratilish jarayonida qaysidir davlatdan koʻr-koʻrona koʻchirib olinmaganligini ham inobatga olish kerak. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi eng taraqqiy etgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
Konstitutsiyaning yuridik kuchi
Konstitutsiyaga koʻra, Oʻzbekiston – Prezidentlik boshqaruv shaklidagi suveren demokratik respublika hisoblanadi. Konstitutsiyada davlatni, jamiyatni rivojlantirishning demokratik omillari belgilab berilgan boʻlib, unda Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega: prezident Konstitutsiyaga, qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega boʻlgan farmonlar, qarorlar, farmoyishlar qabul qiladi. Oʻzbekiston Konstitutsiyasida jamiyat hamda davlatning hayotidagi eng muhim masalalar umumiy ovoz (referendum)ga qoʻyilib, hal qilinadi.
Konstitutsiyada Oʻzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan respublika Oliy Majlisi hamda prezidenti ish olib borishi koʻzda tutilgan boʻlib, Davlat hokimiyati esa uchga – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatiga boʻlinadi. Oʻzbekiston Konstitutsiyasida, davlat, oʻz faoliyatini inson hamda jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolatga qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir. Biroq, respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat hamda elatlarning tillari, urf-odatlari ularning anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlanishi, rivojlanishlari uchun shart-sharoit yaratilishi ham nazarda tutilgan. Konstitutsiya, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining oʻz vatanlari ichida erkin harakatlanishlari, istagan joylariga koʻchib borib yashash huquqlarini ham kafolatlaydi.
Konstitutsiyada, har kim erkinlik hamda shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi koʻrstilgan. Unga koʻra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Jinoyatda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda koʻrib chiqilmaguncha qiynoqqa solinishi, unga nisbatan zoʻravonlik, shavqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar olib borish mumkin emasligi toʻgʻrisida koʻrsatilgan.