2-iyul - O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilinganiga 30 yil
Davlat gerbi – iftixor ramzi
1992-yil 2-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganligiga 30 yil to‘ldi. Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon O‘zbekistonimizning tom maʼnodagi asl tasvirini ko‘radi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan. Ushbu sanaga bag‘ishlab telemarafon, Davlat gerbining ahamiyati, uni ulug‘lashga qaratilgan interfaol madaniy-maʼrifiy tadbirlar, fleshmoblar, anjumanlar o‘tkaziladi. Bularning barchasi Davlat gerbining ahamiyatini yosh avlod ongiga yanada mustahkam singdirish, ularni ulug‘ ajdodlarimizga munosib, yurtparvar insonlar etib kamolga yetkazishdek maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Oʻzbekiston xalqlarining shon-sharafi, gʻururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassamlashtirgan gerbimiz jonajon Vatanimizning betakror timsoli, oʻziga xos va oʻziga mos davlat ramzlaridan biridir.
Davlatimiz gerbi – xalqimizning shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etgan. Uni e’zozlash o‘zining, o‘z mamlakatining qadr-qimmatini bilgan har bir insonning muqaddas burchidir.