Avval xabar berganimizdek, “Namangan” va “Farg‘ona” xalqaro aeroportlari quyuq tuman tufayli havo kemalarini qabul qilish uchun yopiq edi, shu sababli «Uzbekistan Airways» kompaniyasining HY-620 Moskva-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha 8-dekabrda parvoz qilgan Boeing 757 havo kemasi komandiri qarori bilan “Toshkent” aeroportiga soat 17:41 qo‘ndi.
“Namangan” aeroportida ob-havo uzoq muddat yaxshilanmaganligi bois, yer usti transporti bilan manzilga yetib olishni istagan yo‘lovchilarga, aviakompaniya qoidalariga muvofiq, Namanganga yetib olish uchun yo‘l xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya to‘lab berildi.
Yo‘lovchilarga, jumladan yuki ko‘p bo‘lganlarga, aviakompaniya tomonidan yakuniy manzilga eng yaqin qatnov bilan yetib olish taklifi berildi. 37 nafar yo‘lovchi 9-dekabr kuni soat 08:25dagi HY-095 qatnov bilan Namanganga yetib borishga rozilik bildirdi.
“Namangan” aeroportida uzoq vaqt ob-havo o‘zgarmaganligi sababli HY-095 qatnov vaqti soat 10:00ga, so‘ngra 12:00 va 14:00ga ko‘chirildi. Uchishni kutish vaqtida yo‘lovchilar “Toshkent” aeroporti xalqaro yo‘nalishlar terminalining kutish zaliga joylashtirildi, u yerda ularga ikki marta issiq ovqat - kechki ovqat/ertalabki nonushta taqdim etildi. 9-dekabr kuni soat 07:00da yo‘lovchilar Namanganga uchish uchun yer-usti transporti bilan mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzaliga yetkazildi.
“Namangan” aeroportida ob-havo yana yomonlashgani yo‘lovchilarning samolyotda uzoq vaqt kutishiga sabab bo‘ldi. Ba’zi agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilar holatni tushunmasdan, ob-havoga qaramasdan, tezroq Namanganga uchishni talab qildilar. “Namangan” aeroporti ochilishi to‘g‘risida ma’lumot olinishi bilan, havo kemasi komandiri uchishga qaror qildi va yo‘lovchilar samolyotga taklif qilindi. O‘sha agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilardan biri samolyot sahniga chiqkach, o‘z e’tirozlari bilan katta bortkuzatuvchiga tashlandilar. 5 nafar yo‘lovchi, shu jumladan katta bortkuzatuvchiga tan jarohati yetkazgan yo‘lovchi ayol aeroport militsiya liniyaviy bo‘limi vakillari tomonidan qatnovdan chetlashtirildi, bu holat ekipaj a’zosini almashtirishni talab etdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu vaqt davomida “Uzbekistan Airways” rahbariyati va mas’ul xodimlari aeroportda bo‘lib, tushuntirish ishlari olib bordilar va yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘ldilar, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha choralarni ko‘rdilar.
HY620 Vnukovo – Namangan va HY-095 Tashkent – Namangan qatnovlari xronologiyasi:
- HY-620 Vnukovo – Namangan qatnovining “Toshkent” aeroportiga qo‘nishi – 08.12.2019 - 17:41.
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovining jadval bo‘yicha uchish vaqti – 09.12.2019 – 08.25
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovining ko‘chirilish vaqti – 09.12.2019 –10:00ga; 12:00ga; 14:00ga.
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovi yo‘lovchilarining samolyotga chiqishi boshlangan vaqti - soat 12:15
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovi yo‘lovchilarini samolyotga chiqishi yakunlangan vaqti – soat 13:30
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovining uchgan vaqti – 09.12.2019 – 15.35.
- HY-095 Toshkent – Namangan qatnovining “Namangan” aeroportiga qo‘ngan vaqti - 16:03.
“Uzbekistan Airways” yo‘lovchilardan uchish va qo‘nish aeroportlarida qishki mavsumdagi yomon ob-havo sharoiti tufayli parvozlar jadvaliga kiritilayotgan o‘zgarishlarga tushungan holda yondoshishni so‘raydi, chunki parvozlar va yo‘lovchilar xavfsizligi bizning eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.