We use cookies on the site In order to improve provided services. If you stay on this site, you accept the terms of the privacy policy and the use of personal data.

Muhammad Rahimxon Feruz (1845-1910)

Share on social media

mrfFeruz, Muhammad Rahimxon II Xiva xoni (1864—1910), shoir va bastakor. Ko‘ng‘irotlar sulolasidan. Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasida tahsil ko‘rgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim Doiy, Yusufxo‘ja oxun va boshqadan o‘rgangan. Shoir Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy Feruzga ustozlik qilgan, unga she’riyat sirlarini o‘rgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan.

Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan so‘ng (1864) Xiva taxtiga o‘tirgan. Bu voqea munosabati bilan Ogahiy Feruzga bag‘ishlab qasidalar bitgan. Gandimiyon shartnomasi (1873 yil 12 avgust)ga ko‘ra, Xiva xonligi Rossiya podsholigiga qaram bo‘lib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘plagan. Ogahiy, Komil, Tabibiy va boshqa ta’sirida o‘zi ham Feruz (baxtli, g‘olib) taxallusi bilan she’rlar yozgan.

Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirgan. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayoniylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi «Majmuat ush-shuaro» tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan.

Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.

Feruz 1871-yil Ko‘hna Ark qarshisida o‘z nomi bilan ataluvchi 2 qavatli madrasa qurdirgan. Uning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrug‘iga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq «Xon arig‘i» deb ataladi.

She’rlariga «Devoni Feruz» nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta kuchirilgan (1900). Feruzning o‘zi Pahlavon Mahmudning 350 ruboiysini qo‘lda ko‘chirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. «Navo», «Dugoh», «Segoh» maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan. Uning ko‘pgina g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar va go‘yandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan.

She’rlar devoni nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Feruz Sayd Mahruyjon majmuasidagi Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan.