Erkin Vohidov (1936-2016)
1936-yil 28-dekabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. ToshDU filologiya fakultetini tamomlagan (1960). O‘zbekiston xalq shoiri (1987), O‘zbekiston Qahramoni (1999). Ilk she’riy to‘plami — «Tong nafasi» (1961). «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Tirik sayyoralar» (1978), «Ruhlar isyoni» (1979), «Sharqiy qirg‘oq» (1982), «Kelajakka maktub» (1983), «Bedorlik» (1985), 2 jildli saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaxshidir achchiq haqiqat» (1992) kabi asarlar muallifi. «Yoshlik devoni» (1968)ni mumtoz o‘zbek adabiyoti an’analarida tuzgan. «Oltin devor» (1969), «Istanbul fojiasi» (1985) dramalari bor. I. Gyotening «Faust» asarini, S.Yesenin («Zamin darg‘asi») va boshqa shoirlarning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni soxibi (1997). Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). 2016-yil 30-mayda Toshkent shahrida vafot etgan.