Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931)

munavvarqori.jpg O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi, XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib, shoir, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li 1878-yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug‘ildi. Munavvar qori o‘z faoliyati davomida ijtimoiy-pedagogik, matbuotchilik, muharrirlik faoliyati bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullangan. Uning ixcham hikoyalari, talaygina she’rlari o‘sha davrdagi matbuot va o‘zi tuzgan hamda yozgan darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, u o‘tkir publitsist adib sifatida tanilgan. Maqolalarida inson va jamiyat, din va dindorlik, axloq, mustamlakachilik va xurriyat, ziyolilik, uyushma, tashkilot, davlat idorasi masalalariga alohida e’tibor qaratgan. Turkiston taraqqiyparvarlarining sardori Munavvar qori Abdurashidxonov o‘zbek xalqining mashaqqatli XX asrda dunyoga kelgan Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat singari buyuk siymolaridan biridir. XX asrning dastlabki choragida yashab ijod etgan shoir va yozuvchilarning asarlarini o‘qir ekansiz, ularning mutlaqo o‘zga adabiy tilda — arabiy va forsiy so‘zlar bilan to‘lib-toshgan, murakkab jumlalar silsilasidan iborat til va uslubda yozilgani yaqqol seziladi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon singari adiblarning ulkan xizmati shundaki, ular hozirgi adabiy tilimizni shakllantirib, sayqallantirib berdilar. Munavvar qori ham xuddi shu jarayonda ishtirok etib, tilimizning tilla jilolar bilan tovlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Ma’lumki, Turkiston Muxtoriyat hukumati zo‘ravonlik yo‘li bilan tugatilgach, o‘z vatanlarining mustaqil bo‘lishini orzu qilgan ziyolilar turli yo‘l va usullar bilan bolshevizmga qarshi kurash olib bordilar. Munavvar qori ana shu kurashning oldingi safida bo‘libgina qolmay, shu kurashga rahbarlik ham qildi. Shuning oqibati o‘laroq u bir necha marotaba qamoqqa olingan. Biroq hatto qatag‘on ham uning istiqlol g‘oyalaridan qaytara olmadi va hayotining avji kamolot faslida — 53 yoshida Moskvada otib tashlandi. Mustaqillikdan so‘ng xalqimizning bu fidoyi farzandi haqidagi haqiqat sekin-asta o‘z jamolini ko‘rsata boshladi.