Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Jahonotin Uvaysiy (1779-1845) 

JUJahonotin (Uvaysiy - taxallusi)  1779-yil Marg‘ilonda tavallud topgan, shoira, ma’rifatparvar. Uvaysiy oilada xat-savodini chiqarib, avval xalfa, so‘ngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Qo‘qon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga she’riyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning ma’lumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xo‘jand, O‘ratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qo‘qonni egallagach, Marg‘ilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. 
Uvaysiy 4 devon tuzganligi ma’lum. Lekin bu devonlarning asl qo‘lyozmalari topilmagan. Uvaysiy mumtoz o‘zbek she’riyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy va boshqaning asarlariga muxammaslar bog‘lagan. Shoiraning adabiy merosida 269 g‘azal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, chiston, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining g‘oyaviy mavzu doirasi teran va ko‘p qirrali. Shoiraning lirik she’rlaridan tashqari, uning «Shahzoda Hasan», «Shahzoda Husan» kabi liroepik asarlari va «Voqeoti Muhammad Alixon» kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liroepik dostonlari islom tarixi bilan bog‘liq voqealar asosida yaratilgan.

Uning xattotlar tomonidan ko‘chirilgan 3 nusxa qo‘lyozma devoni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon universiteti kutubxonasida saqlanadi.

UVAYSIYMAN 
Mehnatu alamlarga mubtalo Uvaysiyman, 
Qayda dard eli bo‘lsa, oshno Uvaysiyman, 
Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin, 
Barchadin yumub ko‘zni muddao Uvaysiyman. 
Uz diling taalluqdin, band qil xudo sori, 
To degil kecha-kunduz: “Mosivo Uvaysiyman!” 
Kechalar fig‘onimdin tinmadi kavokiblar, 
Arz to samo uzra mojaro Uvaysiyman. 
To ko‘rib xarobotin ta’na etma, ey zohid, 
Bir nafas emas xoli iqtido Uvaysiyman. 
Faqr borgohiga qo‘ysa gar qadam har kim, 
Bosh agar kerak bo‘lsa, jonfido Uvaysiyman. 
Vaysiy beriyozat deb sahl tutma, ey orif, 
Ishq aro nihon dardi bedavo Uvaysiyman.