Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Elbek (1898-1939)

ElbekMangulikka dahldor vatanparvarlar

Elbek (1898-1939)

Elbek (taxallusi) - asl nomi Yunusov Mashriq 1898-yili  Bo‘stonliq tumanining Xumson qishlog‘ida tug‘ilgan. U shoir, tilshunos va folklorshunosdir. 1911-yilda muhtojlik orqasida Toshkentga ko‘chib kelib, qarollik bilan shug‘ullangan. Xizmatdan bo‘sh vaqtlarida «Xoniy» maktabi, so‘ng Avloniyning «usuli savtiya» maktabida o‘qigan. Ayni paytda bosmaxonada ishlab, gazeta sotish bilan turmush kechirgan. Narimonov nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qituvchilik qilgan. Madaniy qurilish ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim bo‘lgan.

Ijodi 1917-yildan boshlangan. Dastlabki she’rlari «El bayrog‘i», «Turon», «Turk so‘zi», «Ulug‘ Turkiston» gazetalari, shuningdek, «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plami (1922)da bosilgan. Elbek — «Armug‘on», «Yolqinlar» (1925), «Sezgilar» (1927), «Mehnat kuylari», «G‘unchalar», «Chirchiq bo‘ylarida» (1935), «Bolalar qo‘shig‘i», «She’rlar to‘plami» (1936), «She’rlar» (1937) singari she’riy to‘plamlar, «Anorgul» (1926), «Go‘zal qiz» (1927), «Turkiston» (1928), «Bizniki», «Paxta», «O‘tmishim», «Chirchiq» (1929), «Batrak kolxozi» (1930), «O‘zbekiston» (1934), «Bog‘bon», «Etik», «Mergan» (1935) singari dostonlar, «Tozagul» (1934) she’riy romani, «Qo‘shchi Turg‘un» (1925), «Dadamat» (1936) hikoyalar kitobi muallifi.

Elbek she’riy va nasriy asarlarida o‘zbek xalqining yaqin tarixidan olingan, shu jumladan, shoirning kechmish-kechirmishi bilan bog‘liq voqealar tasviri muhim o‘rinni egallaydi. U tarixiy o‘tmishga murojaat etganida ham, zamonaviy mavzularda qalam tebratganida ham ibratli voqealarni tasvirlashga, zamondoshlarining, ayniqsa, yosh avlodning dunyoqarashi va axloq-odobini shakllantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarni ko‘tarishga intilgan. Elbek shu maqsadda hamma uchun tushunarli, ommabop til va uslubda, masal, rivoyat, qo‘shiq singari xalqchil janrlarda asarlar yozishga alohida e’tibor bergan. A. Avloniy va Hamza qatori, Elbek ham masal janrida olib borgan izlanishlari bilan Gulxaniyning masalnavislik an’analarini davom ettirgan, bolalarga bag‘ishlangan asarlari bilan o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan, 20-asr o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib she’riy roman janrini boshlab bergan.

Elbek 2, 4-sinf o‘quvchilari uchun «Yozuv yo‘llari» (1-bo‘lak, 1921), «O‘rnak», «Boshlang‘ich maktabda ona tili» (1923), «Go‘zal yozg‘ichlar» (1925) kabi o‘quv qo‘llanmalari va majmualarni yaratgan. Xalq og‘zaki ijodi materiallarini to‘plash va o‘rganish maqsadida 1921—22-yillarda Bo‘stonliq tumaniga, 1932 yilda esa Ohangaron va Chirchiq tumanlariga hamda Farg‘ona vodiysiga ekspeditsiya uyushtirgan. Elbek ilmiy safarlar natijasida to‘plangan materiallardan 1, 3-sinflar uchun «Bilim» to‘plamida keng foydalangan. «Ashulalar to‘plami» (1934—35-yillarda 2-marta nashr etilgan), «Laparlar» va «Ertaklar» (1935) to‘plamlarini e’lon qilgan.

Elbek I.A. Krilov, A.S.Pushkin va N.A. Nekrasovning bir necha she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning «O‘zbekcha shakldosh so‘zlar» lug‘ati (1934) o‘zbek tilidagi dastlabki omonimlar lug‘atidir.

Elbek 1937-yilda qatag‘on etilib, 10 yillik jazo muddatini o‘tash uchun Magadanga jo‘natilgan va 1939-yilda o‘sha yerda vafot etgan. 1957-yil 1-avgustda oqlangan.