Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Alp Er To‘nga – Turon Hoqoni

AlpErTo'nga

Alp Er To‘nga – Turkiy xalqlar bobokaloni

O‘zbek millati XXI-asrda jahon hamjamiyatida o‘z munosib o‘rnini topish jarayonida tarixiy ildizlari va teran tomirlarini chuqurroq anglashi, turkiy xalqlar va Turon davlatchiligi, demak, ayni paytda, bugungi o‘zbek xalqi va O‘zbekiston davlatchiligi poydevoriga asos solgan buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda, sak-iksitlar qavmi dohiysi Alp Er To‘nga (Afrosiyob) siymosiga murojaat qilishi tabiiy hol hamda tarixiy va ilmiy zaruriyatdir. Biz Alp Er To‘nga shaxsiyatiga murojaat qilish orqali, aslida, o‘zligimizga, hali o‘zbek nomi bilan yuritilmay, biroq jahon tarixida tur, turk, sug‘d, sak, massaget va boshqa nomlar bilan atalgan, “Turkning bosh bo‘g‘ini” (Amir Temur) bo‘lgan bugungi o‘zbek xalqining azim va qadim tarixiga murojaat qilgan bo‘lamiz. Alp Er To‘nga nafaqat Turon tarixidan, balki O‘zbekistonning eng yangi tarixidan ham o‘z qonuniy o‘rnini egallashga munosib alp siymo hisoblanadi.

Alp Er To‘nga taniqli harbiy sarkarda va mashhur davlat arbobi bo‘lib, u turkiy xalqlar bobokaloni hisoblanadi. Turkiy manbalarda u Alp Er To‘nga va To‘nga Alp Er, forsiy manbalarda Afrosiyob nomi bilan tilga olingan. Demak, Alp Er To‘nga va Afrosiyob, aslida, bitta shaxsning turkiy va forsiy nomlari bo‘lib, u Turon davlatining asoschisidir.

Turkshunoslik ilmining asoschisi bo‘lgan mashhur olim Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” (1071-1072) kitobida Alp so‘zini quyidagicha izohlaydi: “Alp – botir, qahramon”. So‘ngra kitobda Alp Er To‘nga haqidagi mashhur marsiya keladi.

To‘nga (tonga) so‘zi esa devonda quyidagicha izohlanadi: “Tona – yo‘lbars jinsidan bo‘lgan bir xil hayvon. U filning kushandasidir. Bu so‘zning asosiy ma’nosi shudir. Lekin bu so‘z turklarda ma’nosi o‘zgargan holda qo‘llanadi. Bu so‘z, ko‘pincha, odamlarga laqab o‘rnida ishlatiladi. Chunonchi, Tonaxon, Tona tegin va shuning kabilar.

Turklarning ulug‘ xoni Afrosiyobni Tona Alp Er, deb atar edilar. Yo‘lbars kabi kuchli bahodir odam, demakdir”.

Demak, Alp Er To‘nga so‘zining lug‘aviy ma’nosi “Yo‘lbars kabi kuchli odam, botir va qahramon er” demakdir. Turkiy xalqlarda botir sarkardalar va podshohlar nomiga, odatda, Alp so‘zi qo‘shib ishlatilgan. Alp Er To‘nga bu nomni o‘ziga ism qilib olgan dastlabki inson, turkiy xalqlarning ilk xoqoni (xoni) hisoblanadi. Keyinchalik o‘zbek xalq eposida 90 alp bo‘lganligi, so‘nggi alp Alpomish ekanligi kuylangan.

Alp Er To‘nganing forsiy manbalarda o‘z nomi bilan tilga olinmay, balki Afrosiyob, deb atalishiga nima sabab bo‘lgan? Afrosiyob ikki so‘z: afro va siyob so‘zlaridan tashkil topgan. “Afros” so‘zi arabcha bo‘lib, ot ma’nosini bildiradi. Eron afsonalari va yozma adabiyotidagi qahramonlar nomiga azaldan ot (asp) so‘zi qo‘shib ishlatilgan. Masalan, “Shohnoma”da Gushtasp, Arjasp, Luhrasp kabi ko‘plab nomlar uchraydi. Siyob esa siyoh ob, ya’ni qora suv, demakdir. Xullas, Afrosiyob forschada qora ot, qora otliq ma’nolarini beradi. Qora so‘zi faqat rang (sifat) ma’nosida qo‘llanmay, bu tushunchaning turkiy xalqlarda kuchli, bahodir kabi ma’nolari ham mavjudligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. (Bu o‘rinda keyinchalik tashkil topgan turkiy sulola – Qoraxoniylar davlatining nomlanishi bevosita shu so‘zning keyingi ma’nosidan olinganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Hatto Turkiston tarixida Qoraxitoylar davlati bo‘lganligi ham ma’lum.) Biroq forslar Afrosiyobni yovuzlik va dahshatning timsoliga aylantirganlar. Tojik qomuslarida esa Afrosiyob so‘zi qo‘rqinch va dahshat soluvchi ma’nosida izohlanadi.

Alp Er To‘nganing bolalik va yoshlik yillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kam saqlanib qolgan. Uning ajdodlari va kelib chiqishi to‘g‘risida turli-tuman mulohazalar bor. Biroq Alp Er To‘nga turkiy qavmga mansub bo‘lganligi inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat hisoblanadi.

Qomusiy olim va buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o‘zining mashhur “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (1000-yilda yozilgan) asarida quyidagicha ta’kidlaydi: “Afrosiyob ibn Bumanj ibn Iynat ibn Rishman ibn Turk ibn Zabanasp ibn Arshasp ibn Tuj. Nihoyat, Manuchehr Afrosiyobdan podshohlikni (tortib) olib, uni (Erondan) haydadi. Keyin ikkovi mashhur bir otishma tufayli yarashdilar”.

Beruniy boshqa bir o‘rinda “Avesto” kitobiga tayanib, Kayumarsdan boshlangan peshdodiy podshohlarning ismlari keltirilgan joyda Afrosiyob Eronda 12 yil podshohlik qilganligini aytib o‘tadi.

Turkiy shoir va davlat arbobi Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonida Mahmud Koshg‘ariy kabi To‘nga Alp Er faoliyatiga yuqori baho beradi. “Turkiy Shohnoma” nomi bilan shuhrat qozongan bu asarda Alp Er To‘nga faoliyati quyidagicha madh etiladi va ta’riflanadi:

“Nazar solib qarasang, turk beklari, turk beklarining eng yaxshilari, ular orasida eng nomi mashhuri va baxti kulib boqqani To‘nga Alp Er nomli bek edi.

Mushohadasi keng, san’at – hunarlari behisob ko‘p, bilimli, zakovatli sara odam o‘sha edi.

Tojiklar uni Afrosiyob deb ataydilar, u talay ellarni o‘z tasarrufiga olgan edi.

Tojiklar u haqda kitobda yozib qoldirganlar, bo‘lmasa, u haqda kim nimani ham bilardi”.

Xullas, bu o‘rinda Yusuf Xos Hojib tomonidan Alp Er To‘nga faqat zo‘r jangchi hamda sarkarda va qo‘mondon sifatida ulug‘lanmasdan, balki buyuk davlat arbobi, mamlakat va davlat boshqaruvining katta tashkilotchisi sifatida namoyon bo‘ladi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy (1441-1501) esa Beruniydan 500 yil keyin o‘zining “Tarixi muluki Ajam” asarida Alp Er To‘ngaga sal boshqacharoq baho beradi: “Afrosiyob. Oni ba’zi debdurlarkim, Pushang binni Tur binni Faridun o‘g‘lidur. Va ba’zi aning nisbati Kayumarsg‘a yetkurubdurlar. Ammo burung‘i durustroqdur. Chun Navdarni (Manuchehrning o‘g‘li bo‘lgan Eron shohi – Q.R.) o‘lturdi, Eron mulkini andoq buzdiki, oz yerda ma’murluq qoldi… Afrosiyob podshohligi o‘n ikki yil erdi”.

Mahmud Koshg‘ariy devonida Afrosiyobni Alp Erto‘nga deb ko‘rsatsa, “Qutadg‘u bilig” avtori Yusuf Xos Hojib Afrosiyob deb ko‘rsatadi…

“Ravzatus safo”, “Tarixi muluki Ajam”da Afrosiyob to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotlar bor. Bularda u g‘oyat zolim podshoh sifatida tasvirlanadi. “Shohnoma”da uning Zol va Rustamlar bilan kurashi anchagina joyni ishg‘ol qiladi. Navoiy Afrosiyob to‘g‘risida ikki bayt yozish bilan cheklanadi…

Xulosa: tarixiy asarlarda Afrosiyob to‘g‘risida ma’lumotlar benihoyat ko‘pdir…

Devondagi ma’lumotlar Afrosiyobning tarixiy shaxs ekanligini tasdiqlaydi.

Afrosiyob Afridun yoki Faridunning Tur ismli o‘g‘lining nabirasi Eshang yoki Xushangning o‘g‘lidir. Manuchehr yengilgach, Manuchehr o‘g‘li Navzar dadasining o‘chini olish maqsadida Afrosiyobga qarshi jang qilib, yengiladi. Afrosiyob Navzarga qarshi maxsus hozirlik bilan jang boshlaydi. Navzarni halok qiladi va butun Eronni qo‘lda tutadi, qattiq zulm ostida hukm yurgizadi.

Afrosiyobning markaziy shahri Koshg‘ar edi. Havosi yaxshi bo‘lgani uchun u doim shu yerda yashar edi. Buxtunnasr o‘g‘li Batzanni shu qizi bilan yashirin aloqada bo‘lgani uchun Jaruq degan shaharga qamagan edi. Ba’zilar bu shaharlarni Afrosiyobning Marviy Shohijahon degan o‘g‘li bino qilgan deyishadi. Afrosiyobning Barsag‘on shahrini shu bino qilgan edi. Mahmud Koshg‘ariyning bobosi shu shaharda yashagan. Yungu vodiysi Afrosiyob o‘g‘li qurdirgan Bormon shahriga oqadi. Tarim so‘zi Afrosiyob avlodidan bo‘lgan xotinlargagina qo‘llaniladi. Qotun so‘zi Afrosiyobning qizlaridan bo‘lganlarning nomidir. Devonda Afrosiyob tarjimai holiga oid bu ma’lumotlardan boshqa Afrosiyobga oid to‘rtliklar ham anchagina bor. Lekin ular devonning har yerida, har qaysi jildda chochiqdir. Parchalar Afrosiyobni mohir jangovar sifatida ta’riflaydi. Janglardagi qahramonligi, dushmanlarga zarba berishdagi mahorati, bahodirligi ta’riflanadi va uning o‘limiga afsus bayon qilinadi.

Mashhur “Qutadg‘u bilig” avtori Yusuf Xos Hojib boshqa bir yerda Afrosiyobni yolg‘iz qahramongina emas, davlat idorasiga mahoratli bilimdon tarzida sifatlaydi. XI asrning ushbu tadqiqotchi olimlari Mahmud Koshg‘ariy va Yusuf Xos Hojiblarning Afrosiyob haqidagi ma’lumotlari, shubhasiz, ishonchlidir”.